YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda qariyb 2,4 million nafar qiz o‘rta maktabda o‘qish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan. Agar “Tolibon” hukumati ayollar ta’limiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilmasa, bu ko‘rsatkich 2030-yilga borib 4 millionga yaqinlashishi mumkin.
BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) joriy yilning 11-avgust kuni Afg‘onistonda o‘rta ta’limdan mahrum bo‘lgan qizlar soni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 200 ming nafarga oshganini ma’lum qildi.
Tashkilot “Tolibon” hukumatini qizlar va ayollarga ta’lim olish imkoniyatini qaytarishga chaqirdi.
Afg‘oniston hozirda dunyoda qizlar va ayollarning o‘rta maktab hamda universitetlarda ta’lim olishi taqiqlangan yagona davlat hisoblanadi. Ayollarga nisbatan joriy etilgan qator cheklovlar sabab BMT mamlakatdagi vaziyatni “gender apartheid” deb atagan.
2022-yil mart oyida “Tolibon” qizlarning o‘rta maktablarda o‘qishini taqiqlagan. O‘sha yilning dekabr oyida esa ayollarning universitetlarda tahsil olishiga ham taqiq joriy etilgan. Bu cheklovlar “Tolibon” hokimiyatga qaytganidan bir necha oy o‘tib kuchga kirgan.
Bundan tashqari, “Tolibon” hukumati ayol pedagoglarni o‘g‘il bolalarga dars berishini ham taqiqlagan. YUNESKO xabariga ko‘ra, bu ta’lim tizimidagi malakali pedagoglar yetishmovchiligini yanada kuchaytirgan va o‘g‘il bolalarga malakasiz erkak o‘qituvchilar dars berishiga olib kelgan.
Qayd etilishicha, 2030-yilga borib Afg‘onistonda 11 mingdan ortiq malakali ayol o‘qituvchi yetishmasligi mumkin.
YUNESKO mamlakat ta’lim tizimi va iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan boshqa muammolar ham mavjudligini qayd etgan.
Xususan, ko‘plab maktablarda o‘quvchilar soni haddan tashqari ko‘p, ta’lim muassasalari esa yetarli darajada jihozlanmagan. Maktablarning qariyb yarmi suv, sanitariya yoki isitish tizimiga ega emas. Tabiiy ofatlar sabab so‘nggi 5 yil ichida qariyb 1 mingta maktab faoliyatini to‘xtatgan.
Shu bilan birga, Afg‘onistonda 7 ta xususiy universitet faoliyati bir yilga to‘xtatilib, yana 2 tasining litsenziyasi bekor qilingani haqida xabar bergan edik.
Ma’lum qilinishicha, boshlang‘ich ta’limda ham 2 milliondan ortiq bola maktabdan tashqarida qolmoqda. 10 yoshli bolalarning 90 foizi oddiy matnni o‘qiy olmaydi, mamlakatda savodxonlik darajasi esa 37 foizni tashkil etgan.
“Tolibon” hukumati qizlar ta’limiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish bo‘yicha xalqaro chaqiriqlarni, jumladan, musulmon dini aholisi ko‘pchilikni tashkil etuvchi ayrim davlatlarning murojaatlarini ham rad etib kelmoqda. Hukumat bu siyosatni Afg‘onistonning ichki masalasi deb hisoblaydi.
Avvalroq, “Tolibon” harakati Afg‘oniston davlat va xususiy universitetlarida 679 ta ilmiy kitob va o‘quv qo‘llanmasining o‘qitilishini rasman taqiqlagani haqida xabar berilgandi.
