Afg‘onistonda 9 ta xususiy universitetda qonunbuzilish va kamchiliklar aniqlangach, ularning faoliyatiga nisbatan keskin choralar ko‘rildi. Jumladan, 7 ta universitet faoliyati bir yilga to‘xtatildi, yana 2 ta oliygohning faoliyat yuritish litsenziyasi bekor qilindi.
‘‘Tolibon’’ boshqaruvidagi Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligi ma’lum qilishicha, ushbu qaror xususiy universitetlarda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida qabul qilingan. Universitetlarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha avval ham bir necha bor ogohlantirish berilgan.
Vazirlik tekshiruvlari davomida ayrim oliygohlarda akademik va ma’muriy boshqaruv bilan bog‘liq muammolar aniqlangan. Jumladan, ayrim universitetlarda rektor, o‘quv ishlari bo‘yicha mas’ul rahbarlar, talabalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlar va fakultet rahbarlari kabi lavozimlar to‘liq shakllantirilmagan.
Shuningdek, ayrim universitetlarda “mavjud bo‘lmagan talabalar” ro‘yxatga kiritilgani aniqlangan. Ya’ni amalda darslarda qatnashmagan shaxslar talaba sifatida ro‘yxatda turgan va mashg‘ulotlarga qatnashishi belgilangan.
Yana ayrim oliygohlarda semestrning dastlabki 10 haftasi davomida talabalar davomatini yuritish talablariga rioya qilinmagan.
Davomat ko‘rsatkichi past bo‘lgani sababli o‘qishni davom ettirish huquqidan mahrum bo‘lgan ayrim talabalar esa yakuniy imtihonlarda qatnashgani, ularga ijobiy baholar qo‘yilgani va keyingi kurs yoki semestrlarga o‘tkazilgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, ayrim universitetlarda amaliy mashg‘ulotlar uchun zarur bo‘lgan laboratoriyalar, jihozlar va materiallar yetarli bo‘lmagan. Ayrim oliygohlarda esa vazirlik tomonidan tasdiqlangan o‘quv dasturlariga rioya qilinmagan.
Tibbiyot yo‘nalishlarida ham jiddiy kamchiliklar aniqlangan. Tekshiruv vaqtida talabalar amaliy mashg‘ulot o‘tashi kerak bo‘lgan shifoxonalarda talabalarning o‘zi bo‘lmagani qayd etilgan.
Bir yilga faoliyati to‘xtatilgan 7 ta universitet quyidagilar:
- Barlas universiteti — Juzjon viloyati;
- Rah-e Saadat universiteti — Balx viloyati;
- Turkiston universiteti — Balx viloyati;
- Azhar universiteti — Badaxshon viloyati;
- Barna universiteti — Badaxshon viloyati;
- Rashad universiteti — Faryob viloyati;
- Payam universiteti — Kobul shahri.
Bundan tashqari, Kohanduz va Khana-e Danesh universitetlarining faoliyat yuritish litsenziyalari bekor qilingan.
Litsenziyasi bekor qilingan ikki universitetda esa davomat ma’lumotlari soxtalashtirilgani aytilgan. Jumladan, butun semestr davomida darslarda qatnashmagan ayrim talabalar davomat jadvallarida qatnashgan deb ko‘rsatilgan.
Mavzuga doir: Meksikada universitetning xatosi sabab 58 ming abituriyent kirish imtihonini qayta topshiradi.
