“Yiqilgan kurashga to‘ymas deganlaridek, chekinmadim”: to‘rt marta B2 olgan 12 yoshli o‘quvchi IELTS’dan 7,5 ball oldi

“Yiqilgan kurashga to‘ymas deganlaridek, chekinmadim”: to‘rt marta B2 olgan 12 yoshli o‘quvchi IELTS’dan 7,5 ball oldi

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi 8-sonli maktabning 6-sinf bitiruvchisi Jamoliddinov Muhammadrizo IELTS’dan 7,5 ballik sertifikatni oldi. Avvalroq, u Talimxabarlari.uz muxbiri bilan suhbatida bir necha marta CEFR imtihonini topshirib B2 sertifikatini olgani haqida aytib bergandi. Bu safar u C1 darajani qo‘lga kiritdi.

 

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Jamoliddinov Muhammadrizo IELTS imtihonidan Overall 7,5 ball oldi.

 

Uning ingliz tilini o‘rganish yo‘li esa bundan ancha oldin boshlangan. Muhammadrizo bilan 4-sinfda ishlashni boshlagan o‘qituvchisining aytishicha, o‘quvchi dastlab ingliz tilini deyarli noldan o‘rgangan. Bir yil o‘tib, 5-sinfda B2 darajasini qo‘lga kiritgan. 6-sinfda esa C1 olish uchun yana 3 marta CEFR imtihonini topshirgan. Natijalar B2 darajasida qolganiga qaramay, u taslim bo‘lmagan va IELTS orqali C1 darajasiga ega bo‘lgan.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi va uni sertifikatga tayyorlantirgan o‘qituvchi bilan suhbatlashdi.

 

‘‘C1 uchun uch marta urinib ko‘rdi..’’

 

Muhammadrizo C1 darajasini olish uchun dastlabki natijalari Overall birinchisi 53, keyingisi 58, 61, aprel oyidagi navbatdagi imtihonda esa 64 ball bo‘lgan. Biroq bu natijalarning barchasi B2 darajasida qolgan.

 

Shunga qaramay, o‘quvchi maqsadidan voz kechmagan. 2026-yil iyul oyida u IELTS imtihonini topshirib, 7,5 ball olishga muvaffaq bo‘lgan.

 

Yiqilgan kurashga to‘ymas deganlaridek, men chekinmadim. 5-sinfda 53 ball bilan B2 sertifikatini olgandim. 6-sinfda C1 olish maqsadida yana uch marta CEFR imtihonini topshirdim. Birinchi safar 58, keyin 61, aprel oyida esa 64 ball oldim. Lekin chekinmadim, — deydi Muhammad Rizo.

 

Muhammadrizoning aytishicha, tayyorgarlik jarayonidagi asosiy e’tiborni Writing ko‘nikmasini rivojlantirishga qaratgan.

 

Darajamni oshirishda asosiy muammom Writing qobiliyatim edi. O‘qituvchim bilan shu yo‘nalishda ko‘proq ishladim. Har bir savol turini o‘rganib chiqdim, grammatik bilimlarimni rivojlantirdim. Turli mavzulardagi maqolalarni o‘qib, ulardan g‘oyalar oldim, — deydi u.

 

“Yiqilgan kurashga to‘ymas deganlaridek, chekinmadim”: to‘rt marta B2 olgan 12 yoshli o‘quvchi IELTS’dan 7,5 ball oldi

 

O‘qituvchisi esa Muhammadrizoning eng kuchli ko‘nikmalaridan biri — Listening bo‘lganini ta’kidlaydi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘quvchi o‘zi qiziqqan mavzulardagi ingliz tilidagi kontentlarni muntazam tomosha qilgani sababli eshitib tushunish qobiliyatini tabiiy ravishda rivojlantirgan. Writing esa ko‘proq mehnat talab qilgan.

 

Writing ko‘nikmasini rivojlantirish ancha ko‘proq vaqt va mehnat talab qildi. Shu sababli bu yo‘nalishda ko‘proq mashq qildik, xatolar ustida ishladik va yozma nutqini bosqichma-bosqich rivojlantirdik, — deydi o‘qituvchisi.

 

Tayyorlanish 4-sinfdan boshlangan

 

O‘qituvchining aytishicha, u Muhammadrizo bilan 4-sinfda o‘qiyotgan paytidan boshlab ishlay boshlagan.

 

Muhammadrizo bilan 4-sinfda o‘qiyotgan paytidan boshlab ishlayman. U ingliz tilini deyarli noldan boshlagan. Lekin unda eng muhim narsa — kuchli qiziqish va ishtiyoq bor edi. Menimcha, uning bugungi natijaga erishishida aynan shu qiziqish, muntazam mehnat va to‘xtovsiz rivojlanish istagi katta rol o‘ynadi. Menimcha, bolaning yoshiga qarab uning imkoniyatlariga chegara qo‘yib qo‘ymaslik kerak. Bizning bobolarimiz ham yoshligida juda katta ishlarni amalga oshirishgan. Bugungi bolalarda ham katta imkoniyatlar bor.

Bundan tashqari, til o‘rganishning o‘zi juda qiziqarli jarayon. Masalan, ingliz tilida filmlar tomosha qilish, qo‘shiqlar tinglash, hikoyalar o‘qish va turli mavzularda suhbatlashish orqali bola tilni zavq bilan o‘rganishi mumkin. Ilmiy tadqiqotlar ham chet tilini o‘rganish bolalarning xotirasi, diqqat-e’tibori va fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatadi. Shuning uchun to‘g‘ri yondashuv, muntazam mehnat, qiziqish va yaxshi qo‘llab-quvvatlash bo‘lsa, yosh o‘quvchining B2 yoki hatto C1 darajasiga chiqishi mutlaqo mumkin, — deydi ustoz.

 

Dars jarayonida esa turli zamonaviy va amaliy metodlardan foydalanilgan. Jumladan, shadowing, storytelling, filmlar va videolar orqali til o‘rgatish usullari qo‘llangan.

 

Maqsad faqat grammatik qoidalarni o‘rgatish emas, balki ingliz tilini kundalik hayotning bir qismiga aylantirish bo‘lgan.

 

“Sertifikatni maqsad emas, vosita sifatida ko‘rdik”

 

O‘qituvchining fikricha, yuqori natijaga erishishda sertifikatning o‘zidan ko‘ra, tilni haqiqatan o‘zlashtirish muhim.

 

Bugungi kunda ko‘plab til o‘rganuvchilar faqat sertifikat olish uchun harakat qilishadi. Men esa ularga, avvalo, tilni o‘rganishga e’tibor qaratishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Agar inson ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirsa, kerakli sertifikatni olish ancha osonlashadi. Sertifikatni maqsadning o‘zi emas, balki tilni bilishning natijasi sifatida ko‘rish kerak.

 

Muhammadrizoning kelajakdagi maqsadlari ham yuqori.

 

 Men IELTS 7,5 bilan cheklanib qolmayman. Keyingi yili IELTS’dan 8,5 ball va SAT sertifikatini qo‘lga kiritaman. Men albatta dunyodagi eng nufuzli universitetlardan biriga kirib, yurtimiz uchun kerakli inson bo‘lmoqchiman, — deydi o‘quvchi.

 

Muhammadrizo ingliz tilidagi bilimlarini xalqaro maydonda ham sinab ko‘rgan.

 

U avgust oyida Londonda o‘tkazilgan XPERT STEM xalqaro olimpiadasining ingliz tili yo‘nalishida bronza medal sohibi bo‘lgan.

 

“Yiqilgan kurashga to‘ymas deganlaridek, chekinmadim”: to‘rt marta B2 olgan 12 yoshli o‘quvchi IELTS’dan 7,5 ball oldi

 

Qo‘llab-quvvatlash muhim

 

O‘qituvchining aytishicha, mazkur muvaffaqiyatda nafaqat Muhammadrizoning o‘zi balki ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi ham muhim rol o‘ynagan.

 

Birinchi navbatda bolaning qiziqishi juda katta rol o‘ynaydi. Agar o‘quvchida tilga nisbatan chinakam qiziqish bo‘lsa, bu jarayon unchalik qiyin kechmaydi. Yosh o‘quvchi bilan ishlaganda uning yoshiga mos metodlarni tanlash, darsni qiziqarli tashkil etish va uni doimiy ravishda rag‘batlantirib borish juda muhim. Shu o‘rinda, ota-onaning roli ham juda muhim. Farzandning ta’limiga e’tibor berish, uni qo‘llab-quvvatlash va o‘qish jarayonida kerakli sharoitlarni yaratib berish uning natijasiga bevosita ta’sir qiladi. O‘qituvchi, o‘quvchi va ota-ona birgalikda harakat qilsa, natija yanada yuqori bo‘ladi, — deydi u.

 

Ayni paytda ushbu iqtidorli o‘quvchi uchun oldinda IELTS 8,5, SAT va dunyoning nufuzli universitetlaridan birida tahsil olish kabi yangi maqsadlar turibdi.

 

Muhammadrizoni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, IELTS 7,5 ballik sertifikatni olgan qashqadaryolik 7-sinf bitiruvchisi Turdialiyev Asadbek bilan suhbatlashgan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish