Qonunchilikdagi ayrim xorijiy atamalar o‘zbekcha muqobillari bilan almashtiriladi

Qonunchilikdagi ayrim xorijiy atamalar o‘zbekcha muqobillari bilan almashtiriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qonunchilik hujjatlarida qo‘llanadigan ayrim xorijiy atamalarni o‘zbekcha muqobillari bilan almashtirishni nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi. Hujjatda “avans”, “parol”, “marshrut”, “svetofor” kabi atamalarni o‘zbekcha muqobillar bilan ifodalash belgilangan.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi joriy yil 11-avgust kuni qonunchilikda qo‘llanadigan ayrim xorijiy atamalarni o‘zbekcha muqobillari bilan almashtirishni nazarda tutuvchi qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qildi. Hujjat endilikda Senatga yuboriladi.

 

Qonunga ko‘ra, ayrim xorijiy atamalar quyidagi o‘zbekcha muqobillarga almashtiriladi:

 

  • “avans” — “bo‘nak”;
  • “markirovka” — “tamg‘alash”;
  • “marshrut” — “yo‘nalish”;
  • “svetofor” — “yo‘lchiroq”;
  • “kovorking” — “ish markazi”;
  • “parol” — “o‘ron”;
  • “progressiv” — “ilg‘or”.

 

Deputat Barno Berdievaning ta’kidlashicha, qonun loyihasi matniga qator o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilgan. Jumladan, amaldagi qonun hujjatlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, Soliq kodeksi, “Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida”, “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonunlarda qo‘llangan “markirovka” atamasi “tamg‘alash” so‘ziga almashtirish nazarda tutilgan.

 

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 776-moddasidagi “parol” atamasi “o‘ron” so‘zi bilan almashtiriladi.

 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda qo‘llanadigan “marshrut” atamasi esa “yo‘nalish” so‘ziga o‘zgartiriladi. Shu asosda “yo‘nalish taksilarining” emas, “yo‘nalishli taksilar” iborasidan foydalanish belgilanmoqda. Bunda amaldagi qonunchilikda “yo‘nalishli transport vositasi” va “yo‘nalishli taksilar” atamalari ishlatilishi asos qilib olingan.

 

Qonun loyihasida huquqiy normalar mazmunini aniqroq ifodalashga qaratilgan tahririy o‘zgarishlar ham nazarda tutilgan. Masalan, Soliq kodeksining 483-moddasi 69-qismidagi “markirovkani” so‘zi “tamg‘alash belgilarini” iborasiga o‘zgartiriladi.

 

Qayd etilishicha, mazkur o‘zgarishlar qonun hujjatlaridagi tushuncha va yuridik atamalarni birxillashtirish, ularni qo‘llashdagi noaniqliklarni bartaraf etishga qaratilgan.

 

Avvalroq, o‘zbek tilida yana 41 ta yangi atama rasmiy muomalaga kiritilgani haqida xabar bergan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish