Yangi o‘quv yili uchun Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga kirish imtihonlari natijalaridan norozi bo‘lgan talabgorlar 2026-yil 7–11-avgust kunlari apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishlari mumkin. Arizalar onlayn tarzda qabul qilinadi.
2026/2027-o‘quv yili uchun Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi natijalaridan norozi bo‘lgan talabgorlar 7–11-avgust kunlari apellyatsiya komissiyasiga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Ma’lum qilinishicha, apellyatsiya arizalari ariza.piima.uz platformasidagi shaxsiy kabinet orqali maktablar kesimida onlayn tarzda yuboriladi.
Apellyatsiya komissiyasi kelib tushgan murojaatlarni 10 kun muddatda ko‘rib chiqadi. Arizalar murojaatchilarning yashash hududlari bo‘yicha belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi qayd etilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-maydagi 214-son qaroriga muvofiq apellyatsiya komissiyasida boshqa o‘quvchilarning imtihon ishlari bilan tanishish yoki ularni murojaatchining ishi bilan taqqoslashga ruxsat etilmaydi.
Agar o‘quvchi yoki uning ota-onasi (qonuniy vakili) apellyatsiya komissiyasi qaroridan ham norozi bo‘lsa, ular belgilangan tartibda yuqori turuvchi organlarga murojaat qilish huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi joriy yilning 23–24-iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan.
