O‘zbek tili va adabiyot universitetining bitiruv tadbiriga ayrim talabalar va ota-onalar kiritilmadi (video)

O‘zbek tili va adabiyot universitetining bitiruv tadbiriga ayrim talabalar va ota-onalar kiritilmadi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazilgan bitiruv tadbiriga ayrim talabalar va ularning qarindoshlari tadbir o‘tkazilgan zal to‘lib qolgani sababli kiritilmagani aks etgan videolar tarqaldi. Holat bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda universitet ma’muriyati munosabat bildirdi.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazilgan bitiruv tadbiri yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

 

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki o‘rganishlar davomida universitetdan tegishli tushuntirishlar olingan. Unda qayd etilishicha, oliy ta’lim muassasasida katta sig‘imli konsert zali mavjud emasligi hamda yozning issiq ob-havo sharoiti inobatga olinib, bitiruv tadbirini yopiq binoda o‘tkazish maqsadida Kasaba uyushmalari federatsiyasi saroyi tanlangan.

 

Shuningdek, universitetning ma’lum qilishicha, tadbirni tashkil etish tashabbusi bitiruvchilarning o‘zidan chiqqan bo‘lib, tayyorgarlik jarayonlarida ham bitiruvchi talabalar ishtirok etgan.

 

Bildirilishicha, tadbir uchun oldindan ishtirokchilar ro‘yxati shakllantirilgan. Biroq tadbir kuni ro‘yxatda ko‘rsatilmagan qo‘shimcha fuqarolar ham kelgani sababli zal sig‘imi belgilangan me’yordan oshib ketgan.

 

Shu bois zal ma’muriyati xavfsizlik talablariga muvofiq ishtirokchilar sonini cheklash choralarini ko‘rgan. Shundan so‘ng universitet rahbariyati bitiruvchilar uchun universitet hududida alohida tadbir tashkil etishga qaror qilgan. Shu bilan birga, viloyatlardan kelgan ota-onalarni joylashtirish masalasi ham hal etilgani ma’lum qilingan.

 

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy taʼlim muassasalarida talabalardan har qanday koʻrinishda majburiy mablagʻ yigʻishga yoʻl qoʻyilmasligini qatʼiy maʼlum qiladi. Bunday holatlar aniqlangan taqdirda, masʼullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan mazkur tadbirni tashkil etish va u bilan bogʻliq holatlar, jumladan bildirilgan eʼtirozlar xizmat tekshiruvi doirasida oʻrganilmoqda. Oʻrganish davomida barcha holatlarga, shu jumladan tashkiliy va moliyaviy jihatlarga huquqiy baho beriladi.

Vazirlik barcha oliy taʼlim muassasalari rahbarlariga talabalar ishtirokida oʻtkaziladigan tadbirlarni tashkil etishda xavfsizlik talablariga soʻzsiz rioya qilish, tashkiliy jarayonlarni puxta rejalashtirish, talabalar va ota-onalar uchun noqulayliklar yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik hamda har qanday tashabbuslarni amaldagi qonunchilik talablari asosida amalga oshirish yuzasidan qatʼiy koʻrsatmalar berdi.

Mazkur holat vazirlik nazoratiga olingan. Xizmat tekshiruvi yakunlari boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻriladi, — deyiladi vazirlik xabarida.

 

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ham holat yuzasidan munosabat bildirib, tadbir uchun tanlangan tantanalar saroyi sig‘imidan ko‘proq mehmon kelgani sababli ayrim ota-onalar va mehmonlarni zalga kiritishning imkoni bo‘lmaganini ma’lum qildi.

 

Tadbir uchun tanlangan tantanalar saroyi sig‘imidan ancha ko‘p mehmon tashrif buyurgani sababli ayrim ota-onalar va mehmonlarimizni zalga kiritishning imkoni bo‘lmadi. Shu bois yuzaga kelgan noqulayliklar uchun barchangizdan uzr so‘raymiz. Sizlarning vaziyatni to‘g‘ri tushunganingiz va bildirgan xayrixohligingiz uchun minnatdorlik izhor etamiz, — deyiladi universitet munosabatida.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish