Buxorolik 4-sinf o‘quvchisi IELTS imtihonidan 6.5 ballni qo‘lga kiritdi

Buxorolik 4-sinf o‘quvchisi IELTS imtihonidan 6.5 ballni qo‘lga kiritdi

Buxoroda 10 yoshli maktab oʻquvchisi xalqaro IELTS imtihonidan 6.5 ball oldi. Boshlangʻich sinf oʻquvchisi boʻlgan Ergashxoʻja imtihonning ikki boʻlimidan 7.5 ballni qoʻlga kiritgan.

 

Buxoro viloyati Peshku tumanidagi maktablardan birida tahsil olayotgan 4-sinf oʻquvchisi Ergashxoʻja Murtazoyev xalqaro IELTS imtihonida 6.5 ball natijani qayd etdi.

 

U imtihonning Listening va Reading boʻlimlaridan 7.5, Writing hamda Speaking boʻlimlaridan 5 balldan olib, umumiy hisobda 6.5 ball toʻplagan.
Oʻquvchi tahsil olayotgan maktab rahbarining soʻzlariga koʻra, Ergashxoʻja boshlangʻich sinfdan buyon ingliz tilini muntazam oʻrganib kelmoqda. U turli tanlov va musobaqalarda ishtirok etib, yaxshi natijalarni qayd etgan.

 

“Ergashxoʻja bilim olishga jiddiy yondashadigan, mehnatsevar oʻquvchilardan biri. Imtihonlarda hayajonga berilmaydi va vazifalarni xotirjam bajaradi. Aslida biz undan 7 va undan yuqori natijani kutgandik. Ayniqsa, Listening va Reading boʻlimlaridagi 7.5 ball uning salohiyatini koʻrsatib turibdi. Speaking natijasi esa kutilganidan pastroq boʻldi. Ehtimol, suhbat uchun tanlangan mavzu uning yoshiga toʻliq mos kelmagandir. Shunga qaramay, 4-sinf oʻquvchisi uchun 6.5 ball juda yaxshi natija”, — deydi maktab direktori.

 

Uning taʼkidlashicha, oʻquvchining natijasi maktab jamoasi uchun ham muhim ragʻbat boʻlgan. Shu bois iqtidorli bolalarni qoʻllab-quvvatlash va ularning salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan maxsus dasturlarni kengaytirish rejalashtirilgan.

 

Maʼlumot uchun, IELTS xalqaro ingliz tili darajasini baholovchi imtihonlardan biri boʻlib, 6.5 ball koʻplab xorijiy oliy taʼlim muassasalari tomonidan qabul qilinadigan natijalardan biri hisoblanadi. 4-sinf oʻquvchisining bunday koʻrsatkichni qayd etgani esa eʼtiborga molik natija sanaladi.

 

Avvalroq, 5 ta fandan A va A+ olgan sirdaryolik o‘quvchi qiz 189 ball bilan muddatidan oldin talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish