“Reja bo‘lsa, hammasiga ulgurish mumkin”: 10-sinf o‘quvchisi muddatidan avval talaba bo‘ldi

“Reja bo‘lsa, hammasiga ulgurish mumkin”: 10-sinf o‘quvchisi muddatidan avval talaba bo‘ldi

Matematikadan A, ingliz tilidan B2, tarix hamda oʻzbek tili va adabiyotidan B darajali milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritgan Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 20-maktabning 10-sinf oʻquvchisi Qoʻshshayev Sardorbek Sarvar oʻgʻli bugun muddatidan avval talaba boʻlish imkoniyatiga ega. Hozirda u Yangi Oʻzbekiston universitetiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda. Biz u bilan bu natija ortidagi mehnat, tayyorgarlik jarayoni va kelgusi maqsadlari haqida suhbatlashdik.

 

“Natija ortida ikki yillik mehnat bor”

 

Sardorbekning aytishicha, milliy sertifikat olish gʻoyasi unda bundan ikki-uch yil avval paydo boʻlgan. Shundan soʻng u oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyib, izchil tayyorgarlikni boshlagan.

 

“Sertifikat olish gʻoyasi menda 2–3-yil oldin paydo boʻlgan. Tayyorgarlik davomida har xil vaziyatlar boʻldi: quvonchli kunlar ham, qiyinchiliklar ham boʻldi. Lekin maqsadimdan hech qachon voz kechmadim” — deydi u.

 

U matematika va ingliz tili fanlariga ikki yil davomida tayyorlangan. Tarix hamda oʻzbek tili va adabiyotidan esa bir oy ichida sertifikat olgan. Tayyorgarlik davomida darsliklar, repetitor mashgʻulotlari, test toʻplamlari va internetdagi taʼlimiy manbalardan foydalangan.

 

Sardorbekning aytishicha, birinchi milliy sertifikat imtihoni kutilganidan murakkabroq tuyulgan. Keyingi imtihonlarda esa savollar u kutgan darajada boʻlgan.

 

“Reja boʻlsa, hammasiga ulgurish mumkin”

 

Maktabdagi darslarni sertifikatlarga tayyorgarlik bilan birga olib borish Sardorbek uchun ham oson kechmagan. Biroq u buning uddasidan vaqtni toʻgʻri taqsimlash orqali chiqqanini aytadi.

 

“Vaqtni toʻgʻri taqsimlash uchun albatta reja kerak” — deydi u.

 

Uning fikricha, yuqori natijaga erishishda bilim bilan bir qatorda qatʼiyat ham muhim.

 

“Toʻxtab qolmaslik kerak, taslim boʻlmaslik kerak. Hatto dars qiladigan xonada motivatsion soʻzlar yozilgan boʻlsa ham, bu insonga kuch beradi” — deydi Sardorbek.

 

“Maqsadim uchun uyqudan ham voz kechganman”

 

Sertifikatlarga tayyorgarlik davrida baʼzan odatiy kun tartibini ham oʻzgartirishga toʻgʻri kelgan.

 

“Ertalabgacha dars qilgan vaqtlarim boʻlgan. Maqsadim sari uyqudan ham voz kechganman” — deydi u.

 

Uning taʼkidlashicha, bunday paytlarda psixologik tayyorgarlik va yaqinlarning qoʻllab-quvvatlashi alohida ahamiyatga ega.

 

“Har xil vaziyatlar boʻlishi mumkin. Menga onam doim motivatsiya berardilar. Shu meni oldinga intilishga undagan” — deydi abituriyent.

 

Telefon va ijtimoiy tarmoqlar masalasida esa Sardorbek boshqacha qarashga ega.

 

“Telefon va ijtimoiy tarmoqlar kerak. Maqsadi aniq oʻquvchini ular chalgʻita olmaydi” — deydi u.

 

“Bilim olishni maqsad qiling”

 

Suhbat yakunida Sardorbek milliy sertifikat olishni istayotgan tengdoshlariga bir necha tavsiyalar berdi. Uning fikricha, imtihonda yuqori natija koʻrsatish uchun avvalo oʻziga ishonch muhim.

 

“Hayajonlanmaslik kerak. Imtihonga ʼEng zoʻrimanʼ, degan ishonch bilan kirish kerak” — deydi oʻquvchi.

 

Tengdoshlariga esa u qisqa, ammo mazmunli maslahat berdi:

 

“Faqat bilim olishni maqsad qiling.”

 

Bugun u erishgan natijalari bilan toʻxtab qolishni istamayapti. Hozirda Sardorbek xalqaro SAT imtihoniga tayyorgarlik koʻrmoqda.

 

“Oldimdagi maqsad — SATʼdan ham yuqori natija olib, Yangi Oʻzbekiston universitetida tahsil olish” — deydi u.

 

Avvalroq, surxondaryolik o‘quvchi muddatidan avval talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.