Xususiy ta’lim tashkilotlarini ichki va tashqi kameralar bilan ta’minlash majburiy hisoblanadi

Xususiy ta’lim tashkilotlarini ichki va tashqi kameralar bilan ta’minlash majburiy hisoblanadi

2026-yil 1-iyuldan boshlab nodavlat taʼlim xizmatlari ko‘rsatiladigan barcha bino va xonalarni onlayn translyatsiya qilish imkoniyatiga ega, ovoz yozish funksiyali ichki va tashqi videokuzatuv kameralari bilan jihozlash majburiy hisoblanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi eslatib o‘tdi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 271-son qaroriga asosan, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi yagona Nizomga tegishli oʻzgartirishlar kiritilgan.

 

Unga koʻra, 1-iyuldan boshlab nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatiladigan bino va xonalar onlayn translyatsiya qilish imkoniyatiga ega boʻlgan, ovoz yozish moslamalik ichki va tashqi kameralar bilan taʼminlanishi majburiy talab sifatida belgilangan.

 

Bunda videoyozuv qaydlari kamida 6 oygacha saqlab boriladi.

 

Maʼlumot uchun: Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan hozirga qadar faoliyat yuritib kelayotgan va yangi ish boshlayotgan nodavlat taʼlim tashkilotlarida mazkur qonunchilik talablarini bajarish hamda uning uzluksiz ishlashini taʼminlash maqsadida zarur choralar koʻrilmoqda.

 

“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuniga ko‘ra, belgilangan litsenziya talablari va shartlarining buzilishi litsenziyani bekor qilinishiga asos bo‘ladi.

 

Shu sababli barcha xususiy taʼlim tashkilotlariga belgilangan talablarni o‘z vaqtida bajarish va videokuzatuv tizimining uzluksiz ishlashini taʼminlash tavsiya etiladi.