SAT sertifikatiga ega abituriyentlar ham test sinoviga kirishi kerakmi? BMBA izoh berdi

SAT sertifikatiga ega abituriyentlar ham test sinoviga kirishi kerakmi? BMBA izoh berdi

Tahririyatimizga SAT sertifikatiga ega abituriyentlardan ruxsatnomalar e’lon qilingach, test sinovlarida ishtirok etish kerakmi, degan mazmundagi murojaatlar kelib tushmoqda. Bilim va malakalarni baholash agentligi departamenti boshlig‘i Javlonbek Nurmatov ushbu masalaga aniqlik kiritdi.

 

Xabaringiz bor, bugundan 2026-2027-o‘quv yilida oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi”ni berish boshlandi.

 

Ruxsatnomalar e’lon qilingach, SAT sertifikatiga ega abituriyentlardan ham tahririyatimizga ko‘plab savollar kelib tushmoqda.

 

Murojaatlarda ular test sinovlarida ishtirok etishi shartmi yoki yo‘q, degan savol bilan murojaat qilmoqda.

 

Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida Bilim va malakalarni baholash agentligi departamenti boshlig‘i Javlonbek Nurmatov bilan bog‘landik.

 

Javlonbek Nurmatovning Talimxabarlari.uz saytiga SAT sertifikatiga ega abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etishi ham, ishtirok etmasligi ham mumkinligini ma’lum qildi.

 

Agar abituriyent test sinovida qatnashsa, testlar yakunlangach unga tanlov imkoniyati beriladi. Ya’ni u SAT sertifikati asosidagi qo‘shimcha davlat granti uchun ajratilgan kvotalar bo‘yicha tanlovda ishtirok etish yoki test sinovi natijasiga ko‘ra umumiy tanlovda qatnashishni o‘zi tanlaydi.

 

Javlonbek Nurmatovning ta’kidlashicha, SAT sertifikati asosidagi qo‘shimcha davlat grantiga tavsiya etishda asosiy mezon abituriyentning SAT sertifikati bo‘yicha to‘plagan bali hisoblanadi.

 

Bunda abituriyentlar tanlagan beshtagacha oliy ta’lim muassasasi va bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga SAT ballari ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda, qo‘shimcha davlat granti uchun ajratilgan qabul ko‘rsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

 

Shu sababli SAT sertifikatiga ega abituriyentlarga test sinovida ham ishtirok etish imkoniyati berilgan. Bu ularga keyinchalik SAT sertifikati asosidagi qo‘shimcha grant tanlovida ishtirok etish yoki test natijasi bo‘yicha umumiy tanlovni tanlash imkonini beradi.

 

Shuningdek, SAT sertifikatiga ega bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qo‘shimcha davlat granti asosida tavsiya etilmagan abituriyentlarga vakant qolgan grant o‘rinlari uchun qayta ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati ham yaratiladi.

 

Bunda qayta ro‘yxatdan o‘tish kirish imtihonlari natijalari e’lon qilinganidan bir hafta o‘tib boshlanadi va bir hafta davom etadi.