Abituriyentlar uchun ruxsatnomalar e’lon qilindi

Abituriyentlar uchun ruxsatnomalar e’lon qilindi

Oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etuvchi abituriyentlar uchun ruxsatnomalar e’lon qilindi. Talabgorlar ruxsatnomani onlayn yuklab olib, unda ko‘rsatilgan sana, vaqt va manzil asosida test sinovlarida ishtirok etishlari mumkin.

 

2026-2027-o‘quv yilida oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi”ni berish boshlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.

 

Abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun “Abituriyent ruxsatnomasi”ni my.uzbmb.uz saytidan shaxsiy identifikatsiya raqami hamda pasport seriyasi va raqamini kiritgan holda yuklab olishlari mumkin.

 

Shuningdek, abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida @ruxsatnoma_uzbmb_bot telegram boti yaratilgan. Ushbu bot orqali abituriyentlar ruxsatnomasini oson yuklab olishlari ta’minlanadi.

 

Abituriyentlar test sinoviga pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishlari lozim.

 

Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.

 

Avvalroq, endi abituriyentlar baliga mos ta’lim yo‘nalishini sun’iy intellekt yordamida oson tanlashi mumkinligi haqida xabar bergan edik.