Samarqandda menejerlik sertifikatini ololmagan 22 nafar maktab direktori ishdan bo‘shatildi — MMTB

Samarqandda menejerlik sertifikatini ololmagan 22 nafar maktab direktori ishdan bo‘shatildi — MMTB

Samarqand viloyati MMTB ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maktab va bogʻcha direktorlarining menejerlik sertifikati bilan bogʻliq xabarlarga munosabat bildirdi. Maʼlum qilinishicha, menejerlik oʻquv kurslarida belgilangan ballni toʻplay olmagan 22 nafar maktab direktori bilan mehnat shartnomasi amaldagi qonunchilikka muvofiq bekor qilingan.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning mart oyida apparat yigʻilishida muhokama uchun tayyorlangan Samarqand viloyatidagi 26 nafar maktab direktorining menejerlik oʻquv kurslarida belgilangan yetarli ballni toʻplay olmaganligi haqida maʼlumotlar tarqaldi.

 

Holat yuzasidan viloyat MMTB rasmiy munosabat bildirdi. Boshqarma maʼlumotiga koʻra, joriy yilning mart oyida kengaytirilgan apparat yigʻilishida menejerlik oʻquv kurslarida belgilangan minimal ballni toʻplay olmagan maktab direktorlariga oid masala muhokama qilingan.

 

Institut tomonidan taqdim etilgan bayonnomalar asosida roʻyxatdagi 26 nafar maktab direktoridan 22 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq bekor qilingan. Qolgan 4 nafar direktor esa vaqtincha mehnatga layoqatsiz boʻlgani sababli ular bilan mehnat shartnomasi hozircha bekor qilinmagan. Boshqarma maʼlumotiga koʻra, ular bilan tuzilgan shartnomalar belgilangan tartibda yakunlanadi.

 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand tumanidagi 1-, 4-, 18-, 19- va 20-son davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlariga oid maʼlumotlar ham tarqalgan.

 

Boshqarma maʼlumotiga koʻra, 18-son davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori menejerlik sertifikatini qoʻlga kiritgani sababli hozirda oʻz lavozimida faoliyat yuritmoqda.

4- va 20-son davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari belgilangan tartibda bekor qilingan.

 

1- va 19-son davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlari esa kasallik varaqasi rasmiylashtirilgani sababli hozircha lavozimidan ozod etilmagan. Ular bilan mehnat shartnomalari belgilangan tartibda yakunlanishi maʼlum qilingan.

 

“Bundan tashqari, xabarda tumandagi 4-son davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mudirasi ishdan boʻshatilib, ayni tashkilotda direktor oʻrinbosari lavozimiga oʻtkazilgani hamda unga direktor vazifasini vaqtincha bajarish yuklatilgani haqida keltirilgan maʼlumot haqiqatga mos kelmaydi” — deydi rasmiylar.

 

Qayd etilishicha, mazkur tashkilotga yangi direktor tanlov asosida tayinlangunga qadar direktor vazifasini vaqtincha tashkilot psixologi bajarib turadi.

 

Yakunda boshqarma ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqirgan hamda zarur hollarda har qanday axborot yuzasidan izoh berishga tayyor ekanini bildirgan.

 

Avvalroq, Samarqand shahridagi ayrim davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlarining menejerlik sertifikatini ololmagani sababli ular bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani boʻyicha tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirilgan edi.