Hindistonning Panjob shtati maktab taʼlimida sunʼiy intellektni joriy etayotgan hududlar qatoriga qo‘shildi. Kelasi oydan barcha davlat maktablarida AI fani o‘qitilib, o‘quvchilarni raqamli iqtisodiyot va zamonaviy mehnat bozori talablariga tayyorlash rejalashtirilgan.
Hindistonning Panjob shtatida kelasi oydan boshlab barcha davlat maktablarida sunʼiy intellekt (AI) fanini oʻqitish boshlanadi. Bu haqda shtat taʼlim vaziri Xarjot Singx Beyns maʼlum qildi.
The Times of India nashrining xabar berishicha, mazkur qaror “Bright Minds Punjab 2026” tadbirida eʼlon qilingan. Unda 12-sinf yakuniy imtihonlarida 95 foiz va undan yuqori natija qayd etgan oʻquvchilar taqdirlangan. Tadbirda Dehli sobiq bosh vaziri oʻrinbosari Manish Sisodiya, Taʼlim departamenti kotibi Sonali Giri, oʻqituvchilar va oʻquvchilar ishtirok etgan.
Oʻquv dasturi bir yil davomida ishlab chiqilgan
Taʼlim vaziri Xarjot Singx Beynsning aytishicha, sunʼiy intellekt boʻyicha oʻquv dasturi bir yil davomida ishlab chiqilgan. Endilikda u Panjobdagi barcha davlat maktablarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Uning taʼkidlashicha, mazkur fan oʻquvchilarga zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash koʻnikmalarini shakllantirish, ularni oliy taʼlim va kelajakdagi kasblarga tayyorlashga xizmat qiladi.
Sunʼiy intellekt taʼlim dasturining bir qismiga aylanadi
Taʼlim vazirining soʻzlariga koʻra, yangi oʻquv dasturi oʻquvchilarning sunʼiy intellekt boʻyicha dastlabki bilim va koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan. Darslar orqali ular AI texnologiyalarining ishlash tamoyillari, kundalik hayot va turli sohalarda qoʻllanilishi haqida tushunchaga ega boʻladi.
Shuningdek, oʻquvchilar zamonaviy raqamli vositalardan samarali foydalanish, muammolarni texnologiyalar yordamida hal qilish va kelajakda mehnat bozorida talab yuqori boʻladigan koʻnikmalarni egallashi koʻzda tutilgan.
AI mehnat bozorini oʻzgartirmoqda
Tadbirda ishtirok etgan Dehli sobiq bosh vaziri oʻrinbosari Manish Sisodiyaning taʼkidlashicha, sunʼiy intellekt yaqin yillarda koʻplab yangi ish oʻrinlarini yaratishi, mavjud kasblarning esa mazmunini oʻzgartirishi kutilmoqda.
Uning fikricha, bugungi oʻquvchilar ertangi mehnat bozorida raqobatbardosh boʻlishi uchun maktab davridayoq zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashni oʻrganishi zarur. Shu bois sunʼiy intellektni maktab taʼlimiga kiritish kelajak ehtiyojlaridan kelib chiqqan muhim qadam hisoblanadi.
Taʼlimni zamonaviylashtirish yoʻlidagi navbatdagi qadam
Panjob hukumati sunʼiy intellekt fanini davlat maktablariga joriy etish orqali oʻquvchilarning raqamli savodxonligini oshirishni maqsad qilgan. Rasmiylarning fikricha, bu nafaqat texnologiyalarni tushunishga, balki oʻquvchilarning oliy taʼlim va mehnat bozoriga puxta tayyorgarlik koʻrishiga ham xizmat qiladi.
Mutaxassislar ham soʻnggi yillarda sunʼiy intellektning taʼlim, tibbiyot, sanoat, moliya va xizmat koʻrsatish kabi koʻplab sohalarda keng qoʻllanila boshlagani sababli maktab oʻquvchilarini bu texnologiyalar bilan erta tanishtirish muhimligini taʼkidlamoqda.
Panjob bu borada sunʼiy intellektni barcha davlat maktablari oʻquv dasturiga joriy etayotgan ilk hududlardan biri boʻldi. Mazkur tajriba kelgusida Hindistonning boshqa shtatlarida ham ommalashishi mumkin.
Avvalroq, BAA maktablarida sun’iy intellekt majburiy fanga aylangani haqida xabar bergan edik.
