Qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun qo‘shimcha kvotalar bu yil ham saqlab qolinadi. Mazkur imtiyoz Prezident farmoni asosida 6 500 nafar yoshni qamrab oladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashovchi yoshlar uchun joriy yilda ham davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida qo‘shimcha kvota ajratiladi.
2022-yil 31-avgustdagi Prezidentning PF–213-son Farmoniga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashaydigan hamda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarini tamomlagan 6 500 nafar yosh uchun viloyatlardagi davlat oliy ta’lim muassasalariga alohida qo‘shimcha kvota belgilangan.
Mazkur kvotalar to‘lov-kontrakt asosida taqdim etiladi. Shuningdek, ushbu kvota asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlarga ajratilgan ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlari Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari mazkur qo‘shimcha kvota 2026-yilda ham amal qilishini tasdiqladi.
Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston yoshlari uchun ajratiladigan qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha yakuniy ro‘yxat mandat e’lon qilinganidan so‘ng ma’lum qilinadi.
Avvalroq, ijtimoiy reyestr imtiyozi bilan grantga kirganlar faqat 1 yil davomida grantda o‘qishi haqida xabar bergan edik.
