Magistraturaga qabulning ilk ikki kunida 5 780 ta ariza topshirildi. Qaysi viloyatlar yetakchilik qilmoqda?

Magistraturaga qabulning ilk ikki kunida 5 780 ta ariza topshirildi. Qaysi viloyatlar yetakchilik qilmoqda?

Magistraturaga qabulning dastlabki ikki kunida 5 780 nafar talabgor hujjat topshirdi. Arizalar my.edu.uz platformasi orqali onlayn tarzda qabul qilinmoqda.

 

Xabar berganimizdek, 1-iyuldan boshlab 2026/2027-o‘quv yili uchun magistratura mutaxassisliklariga qabul boshlandi.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2-iyul kuni soat 18:05 holatiga magistratura bosqichida tahsil olish istagini bildirgan 5 780 nafar talabgor my.edu.uz platformasi orqali onlayn tarzda ariza topshirgan.

 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ariza topshirganlarning 4 119 nafari (71,3 foiz) ayollarni, 1 661 nafari (28,7 foiz) esa erkaklarni tashkil etmoqda. Bu esa magistratura bosqichiga hujjat topshirayotganlar orasida xotin-qizlarning faolligi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

 

Hududlar kesimida eng ko‘p ariza Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, bu yerda 752 nafar talabgor magistraturaga hujjat topshirgan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati585 ta, Samarqand viloyati583 ta, Qashqadaryo viloyati478 ta, Andijon viloyati429 ta, Namangan viloyati426 ta hamda Buxoro viloyati416 ta ariza bilan qayd etilgan. Qolgan hududlarda ham hujjat topshirish jarayoni faol davom etmoqda.

 

Shuningdek, kunlik statistika arizalar soni muntazam oshib borayotganini ko‘rsatmoqda. Qabul jarayonining dastlabki kunlaridanoq minglab abituriyentlar magistratura bosqichida ta’lim olish uchun onlayn tarzda murojaat qilmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, 2026/2027-o‘quv yili magistratura bosqichiga hujjatlar my.edu.uz platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinmoqda. Nomzodlar belgilangan muddatlarda platforma orqali ro‘yxatdan o‘tib, hujjatlarini onlayn tarzda topshirishlari mumkin.

 

Avvalroq, texnikumlarga ikki kunda qancha talabgor hujjat topshirgani haqida xabar bergan edik.