Oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul jarayonlari 30-iyundan boshlanadi. Talabgorlardan ariza, shaxsni tasdiqlovchi hujjat, ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar hamda boshqa belgilangan hujjatlarni taqdim etish talab etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga hujjatlar qabuli muddatlarini e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, hujjatlar 2026-yil 30-iyundan 20-iyulgacha qabul qilinadi.
Qabul quyidagi oliy diniy ta’lim muassasalariga amalga oshiriladi:
– Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (bakalavr, magistratura va modul ta’lim tizimi);
– Mir Arab oliy madrasasi;
– Hadis ilmi maktabi;
– Imom Termiziy nomidagi islom instituti.
Shuningdek, respublikadagi barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga ham mazkur muddatlarda hujjatlar qabul qilinadi.
Oliy diniy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga hujjat topshiruvchi abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:
– ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
– pasport yoki ID karta nusxasi (asl nusxasi ko‘rsatiladi);
– o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplom va uning ilovasi nusxasi (asl nusxasi ko‘rsatiladi);
– 3,5 × 4,5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oy ichida olingan, oq fonda bo‘lishi talab etiladi);
– xorijiy davlatlardagi diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan va O‘zbekistonda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan diplomga ega O‘zbekiston fuqarolari ham hujjat topshirishlari mumkin.
O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga hujjat topshiruvchi abituriyentlardan esa quyidagi hujjatlar talab etiladi:
– ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
– pasport yoki ID karta nusxasi (asl nusxasi ko‘rsatiladi);
– ma’lumoti to‘g‘risidagi attestat yoki diplom nusxasi (asl nusxasi ko‘rsatiladi);
– 3,5 × 4,5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oy ichida olingan, oq fonda bo‘lishi talab etiladi);
– chet tillari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikat nusxasi (asl nusxasi ko‘rsatiladi). Mazkur sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan imtihonsiz belgilangan maksimal ball taqdim etiladi;
– chet tilini bilish to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi (ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan chet tilidan boshqa tilda imtihon topshiruvchilar uchun).
Avvalroq, diniy-ma’rifiy yo‘nalishda o‘qiyotgan magistr va doktorantlar uchun yangi stipendiya joriy etilishi haqida xabar bergan edik.
