HEMIS yana yangilandi: yangi versiyaga qanday imkoniyatlar qo‘shildi?

HEMIS yana yangilandi: yangi versiyaga qanday imkoniyatlar qo‘shildi?

HEMIS tizimida yangi yangilanishlar doirasida bitiruv ishlari bo‘yicha DAK bayonnomasini avtomatik shakllantirish, talabalar ma’lumotlarini ICAO standarti asosida ingliz alifbosiga o‘tkazish hamda diplomlarda ism-shariflarni xalqaro formatda aks ettirish imkoniyatlari joriy etildi.

 

HEMIS platformasi foydalanuvchilari uchun qator yangi funksiyalar ishga tushirildi. Yangilanishlar talabalar bilan ishlashni yanada qulaylashtirish, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish hamda ma’lumotlar almashinuvini takomillashtirishga qaratilgan.

 

Tizimning navbatdagi yangilanishida quyidagi funksiyalar, integratsiyalar va texnik tuzatishlar foydalanishga topshirilgan:

 

Bitiruv ishi himoyasi bo‘yicha DAK bayonnomasini rasmiylashtirish:

 

Tizimga talabalarning bitiruv ishlarini himoya qilganliklari bo‘yicha DAK (yakuniy davlat attestatsiyasi) qarori bayonnomasini shakllantirishfunksiyasi qo‘shildi. DAK bayonnomasi “Ta’lim buyruqlari” bo‘limida rasmiylashtiriladi va imzolanadi. Bayonnomaga YADAga ruxsat berilgan talabalar qo‘shilib, ularga DAK xulosasi, savollar va baholar kiritiladi. DAK raisi va kotibi tomonidan imzolangach, “Bajarish” tugmasi orqali baholar avtomatik ravishda akademik yozuvga (transkriptga) ko‘chiriladi.

 

Talabalarning yotoqxonadan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomalari:

 

Talabalar turar joyida (TTJ) yashovchi talabalarning shartnomalari va to‘lovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kuzatish imkoniyati yaratildi. Ushbu ma’lumotlar mas’ullar uchun “Tashqi xizmatlar/TTJ shartnomalari” menyusida, talabalar uchun esa o‘z profillaridagi “Moliyaviy to‘lov/TTJ shartnomalari” sahifasida ko‘rsatiladi.

 

Talabalarning fanlarni qayta o‘qishi to‘g‘risidagi shartnomalari:

 

Fanlarni qayta o‘qish yoki qayta topshirish bo‘yicha shartnomalar va to‘lovlar monitoringi yo‘lga qo‘yildi. Mas’ullar “Tashqi xizmatlar/kredit shartnomalari” menyusi orqali, talabalar esa o‘z profillarining “Moliyaviy to‘lov/kredit shartnomalari (yoki qayta o‘qish)” sahifasi orqali shartnoma, to‘lov va qarzdorlik ma’lumotlarini ko‘rishlari mumkin.

 

Talabalarning ijtimoiy faollik ballarini kuzatish:

 

Mas’ul rahbarlar (Rahbariyat rolida) talabalarning ijtimoiy faollik bo‘yicha to‘plagan ballarini kuzatib borishlari uchun “Statistika/ijtimoiy faollik reytingi” menyusi ishga tushirildi. Sahifada tegishli mezonlarni tanlash orqali ballarni saralangan holda ko‘rish imkoniyati mavjud.

 

Talabalar familiyasi va ismi-sharifini avtomatik inglizchaga o‘tkazish:

 

Talabalar anketasidagi ism-sharifni xalqaro ICAO standarti asosida avtomatik ravishda inglizcha alifboga o‘tkazish tizimi joriy etildi. Talabalar bazasi sahifasida passport ma’lumotlarini tekshirish (Lupa) tugmasi bosilganda, ma’lumotlar Personallashtirish markazi bazasidan yuklanadi va tizim ism-sharifni avtomatik ravishda ICAO standarti bo‘yicha inglizchaga o‘giradi.

 

Talabalarning ijara shartnomalarini ko‘rish:

 

Tizim O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi axborot tizimi bilan integratsiya qilindi. Mas’ullar “Tashqi xizmatlar/ijara shartnomalari” menyusida, talabalar esa o‘z profillarining “Moliyaviy to‘lov/ijara shartnomalari” bo‘limida shartnomalarni ko‘rishlari mumkin. “Sinx” tugmasi orqali ma’lumotlar soliq bazasi bilan yangilab boriladi.

 

Diplomlarda talaba ism-sharifini ingliz tilida shakllantirish:

 

Xalqaro ICAO hujjatlari talablariga mos ravishda kirill va lotin alifbosidagi belgilarni ingliz alifbosiga translyatsiya (transliteratsiya) qilish funksionali yaratildi. Tizimda to‘rt xil yo‘nalishda (o‘zbekcha lotin -> inglizcha, o‘zbekcha kirill -> inglizcha, o‘zbekcha lotin -> o‘zbekcha kirill, o‘zbekcha kirill -> o‘zbekcha lotin) o‘girishlarni amalga oshirish imkoniyati taqdim etildi.

 

Talabalarni familiya va ismi bo‘yicha birgalikda qidirish:

 

Talabalar bazasi va talabalar ro‘yxati bo‘limlarida qidiruv tizimi takomillashtirildi. Endilikda qidiruv maydoniga probel bilan ajratgan holda avval familiya, keyin ismni (yoki ularning bosh qismini) katta-kichik harflarga e’tibor bermasdan kiritib, talabalarni osongina topish mumkin.

 

Ilmiy daraja va unvonlar ma’lumotlarini avtomatik olish:

 

HEMIS tizimi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) axborot tizimi bilan integratsiya qilindi. Xodim anketasida pasport ma’lumotlarini yuklash yoki ilmiy ma’lumotlar qatoridagi “lupa” tugmasini bosish orqali xodimlarning ilmiy daraja va unvonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar OAK bazasidan avtomatik ravishda tizimga yuklab olinadi.