Bugun ijod, sport va ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirishning oxirgi kuni

Bugun ijod, sport va ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirishning oxirgi kuni

Bugun, 4-iyun — 2026/2027-o‘quv yili uchun Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod, sport va ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjatlar topshirishning so‘nggi kuni. Arizalar my.gov.uz hamda ariza.piima.uz platformalari orqali 23:59 ga qadar qabul qilinadi.

 

Xabaringiz bor, 15-maydan boshlab 2026/2027-o‘quv yili uchun Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod, sport hamda ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjatlar qabuli boshlangan edi.

 

Bugun, 4-iyun – my.gov.uz portali hamda ariza.piima.uz orqali ushbu maktablarga arizalar qabul qilishning oxirgi kuni. Bugun soat 23:59 dan keyin mazkur maktablarga arizalar qabuli yakunlanadi.

 

Eslatib o‘tamiz, Prezident maktablariga esa qabul davom etmoqda. Hujjatlar qabuli 14-iyunga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

 

Tizimdagi yuklamalarni inobatga olib, hujjatlarni oxirgi daqiqalarga qoldirmaslik tavsiya etiladi.

 

Ijod, sport va ixtisoslashtirilgan maktablariga qanday hujjat topshirilishi haqida quyida bilib olishingiz mumkin.

 

Ixtisoslashtirilgan maktablarga qanday hujjatlar talab etiladi?

 

  • oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurat;
  • tug‘ilganlik haqida guvohnoma (metrika);
  • ota-onasi (qonuniy vakili)ning fuqarolik pasporti (ID-kartasi) ma’lumotlari;
  • bog‘lanish uchun telefon raqamlari talab qilinadi.

 

Ixtisoslashtirilgan maktablarga nechanchi sinfdan qabul qilinadi?

 

Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarining:

 

  • aniq fanlar yoʻnalishi boʻyicha 5-sinfiga;
  • tabiiy fanlar yoʻnalishi boʻyicha 7-sinfiga;
  • shuningdek, mavjud bo‘sh o‘rinlariga o‘quvchilar qabul qilinadi.

 

Ijod maktablariga qanday hujjatlar talab etiladi?

 

Ijod maktablariga ariza topshirish uchun o‘quvchilarning:

 

  •  oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurati,
  • tug‘ilganlik haqida guvohnomasi (ya’ni metrikasi),
  • ota-onasi (qonuniy vakili)ning fuqarolik pasporti (ID-kartasi) ma’lumotlari,
  • bog‘lanish uchun telefon raqamlari talab qilinadi.

 

Ijod maktablarining nechanchi sinflariga qabul qilinadi?

 

  • Ijod maktablariga 6-sinfni tugatgan oʻquvchilar 7-sinfga;
  • shuningdek, mavjud bo‘sh o‘rinlarga qabul qilinadi.

 

Sport maktablariga qanday hujjatlar talab etiladi?

 

  • oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurat;
  • tug‘ilganlik haqida guvohnoma (metrika);
  • 086-U shakldagi tibbiy maʼlumotnoma;
  • ota-onasi (qonuniy vakili)ning fuqarolik pasporti (ID-kartasi) ma’lumotlari;
  • bog‘lanish uchun telefon raqamlari;
  • sport razryadi yoki unvonini tasdiqlovchi hujjat hamda sport razryadi yoki unvoni tasdiqlangani to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma nusxalari;
  • O‘zbekiston chempionati va kuboklarida qabul yili va undan oldingi bir yil davomida g‘olib va sovrindor bo‘lganini tasdiqlovchi diplom.

 

Maʼlumot oʻrnida, sport maktablariga o‘quvchilar ikki bosqichda (kasbiy (ijodiy) imtihonlar va test sinovlari) qabul qilinadi. Har bir sinfda o‘quvchilar soni 12 nafardan kam bo‘lmagan, biroq 24 nafardan oshmagan holda belgilanadi.

 

Bunda sport razryadi yoki unvoniga ega sportchilar kirish imtihonlarining birinchi — umumjismoniy tayyorgarlik bosqichidan ozod etiladi hamda ularga mazkur bosqich uchun belgilangan 30 ball to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shib beriladi.

 

Avvalroq, ijod, sport va Ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari qaysi fanlardan va qanday tartibda o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.