Prezidentning yangi Farmoniga asosan, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya toʻlanadi.
2026-yil 26-may kuni Prezidentning 98-sonli “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.
Mazkur farmon ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlari uchun ilgʻor yechimlarni yarata oladigan yangi avlod ilmiy kadrlarni tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish, ilmiy kengashlar faoliyatida zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish, izlanuvchilarni tayyorlashda ustuvorlik mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi ijrosiga qaratilgan.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida nazarda tutilgan mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqib, ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlari tasdiqlandi:
- raqamli va axborot texnologiyalari, jumladan, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik, maʼlumotlar tahlili va raqamli yechimlarni ishlab chiqish;
- atom va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, shu jumladan, vodorod texnologiyalari, energiya tejamkorligi va energiyani saqlash tizimlari;
- agroinnovatsiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi, urugʻchilik, seleksiya, gen texnologiyalari;
- tibbiyot va biotexnologiyalar, jumladan, biomeditsina, genetika, farmatsevtika, telemeditsina va yuqumli kasalliklarning oldini olish;
- suv resurslaridan oqilona foydalanish va iqlimga barqarorlikni taʼminlash, jumladan, choʻllanishning oldini olish va iqlim oʻzgarishiga moslashish;
- yangi materiallar va ilgʻor ishlab chiqarish texnologiyalari,
- shu jumladan, nanotexnologiyalar, additiv ishlab chiqarish, robototexnika va avtomatlashtirilgan tizimlar;
- seysmik xavfsizlikni taʼminlash.
Farmonga muvofiq 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tayanch doktorantura va doktoranturada kadrlar tayyorlashda:
- doktoranturaga umumiy qabul kvotasining kamida 60 foizi ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlariga oid ixtisosliklarga ajratiladi;
- differensial stipendiya tizimi joriy etilib, ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya toʻlanadi;
- ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga tadqiqot ishida zarur boʻladigan asbob-uskuna va boshqa tovarlarning xaridi uchun har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qoʻshimcha mablagʻ doktorant tahsil olayotgan oliy taʼlim yoki ilmiy tashkilotga yoʻnaltiriladi;
- tayanch doktorantura bosqichining birinchi oʻquv yilida sohaviy maxsus fanlar, ilmiy tadqiqot metodologiyasi va akademik yozish, statistika va maʼlumotlar tahlili kabi fanlar boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari tashkil etiladi.
Ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul kirish imtihoni oʻrniga ilmiy tadqiqot ishi taqdimoti asosida amalga oshiriladi. Bunda taqdimotga qoʻyiladigan talablar oliy taʼlim va ilmiy tashkilot tomonidan mustaqil belgilanadi.
Ilmiy rahbarga doktorantning ixtisosligiga mos fan tarmogʻida ilmiy tadqiqot tajribasiga ega boʻlish talabi joriy etiladi.
Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul qilishda tegishli fan yoʻnalishlarida milliy sertifikatga ega boʻlgan talabgorni mutaxassislik fani boʻyicha imtihondan ozod etib, unga maksimal ball berish tartibi bekor qilinadi.
2027-yil uchun qabuldan boshlab ilmiy rahbarlik (maslahatchilik) uchun oylik toʻlov oʻrniga tayanch doktoranturaga qabul qilingan stajyor-tadqiqotchi va oʻz vaqtida himoya qilgan doktorant uchun bir martalik ragʻbatlantiruvchi toʻlov toʻlanadi.
Bunda:
- Xirsh indeksi boʻyicha koʻrsatkichi 5 dan kam boʻlgan ilmiy rahbarga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 40 baravarigacha miqdorida;
- Xirsh indeksi boʻyicha koʻrsatkichi 5 dan yuqori boʻlgan ilmiy rahbarga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 80 baravarigacha miqdorida toʻlanadi.
Avvalroq, 2027-yildan ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini baholash boʻyicha reyting tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.
