10 yoshda astrofizika: Qozog‘istonda 5-sinf o‘quvchisi repetitorsiz “yosh olim”ga aylandi

10 yoshda astrofizika: Qozog‘istonda 5-sinf o‘quvchisi repetitorsiz “yosh olim”ga aylandi

Qozog‘istonning Oqtov shahridagi maktablardan birida o‘qiydigan 5-sinf o‘quvchisi Akim Karaman maktab darslaridan tashqari, qo‘shimcha kitoblar, kimyo va astrofizikaga chuqur sho‘ng‘ib, mustaqil ravishda o‘rganmoqda. Uning kattalarcha fikrlashi, intizomi va o‘z qiziqishi natijasida “yosh olim”ga aylangan.

 

10 yoshli Akim Karaman Qozog‘istonning Oqtov shahridagi xususiy maktabda 5-sinfda o‘qiydi. U tengdoshlari kabi ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda emas, balki kitoblar va ilmiy izlanishlarda o‘tkazadi. Uning asosiy orzusi — astrofizik bo‘lish.

 

Akimning ilmga bo‘lgan qiziqishi oilaviy muhitdan boshlangan. Uning bobosi neft-gaz sohasida muhandis bo‘lgan va kichikligidan unga geografiya haqida hikoyalar aytib bergan. Bobosi Akim 5 yoshligida vafot etgan bo‘lsa-da, uning ta’siri bolada ilmga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirgan.

 

Tetis okeanidan yulduzlarga: ilmga qiziqish qanday shakllandi?

 

Onasi Aykerim — tarix o‘qituvchisi, amakisi esa geografiyaga qiziqadi. Ana shu ilmiy muhit Akimning dunyoqarashini shakllantirgan.

 

Akim qadimgi geologik jarayonlar haqida ham o‘zi ko‘rgandek fikr yuritadi:

 

Avval Tetis okeani mavjud bo‘lgan. Unda ulkan dinozavrlar va akulalar yashagan. Vaqt o‘tishi bilan u chekinib, bizga Kaspiy va Qora dengizni qoldirgan. Bunga dalil sifatida bizning hududda topiladigan qadimgi hayvonlarning skeletlari va tishlari xizmat qiladi, — deydi u.

 

10 yoshda astrofizika: Qozog‘istonda 5-sinf o‘quvchisi repetitorsiz “yosh olim”ga aylandi

 

Repetitorsiz o‘qish: YouTube va mustaqil izlanish

 

Akimda maxsus repetitorlar, kurslar yoki ixtisoslashgan maktab yo‘q. U — zamonaviy bola gadjetlardan vaqtini behuda sarflamagan holda o‘zini o‘zi rivojlantirish uchun foydalanishi mumkinligining yorqin misoli.

 

Uning kundalik hayoti oddiy: ertalab maktab, keyin uy, bo‘sh vaqtida esa kitob, shaxmat va velosiped. Telefonidan kuniga 2,5 soatgacha foydalanadi, bu ota-onasining emas o‘zining tanlovi.

 

Yosh olim YouTube’da ilmiy va tarixiy kontentlarni tomosha qiladi, keyin esa ularni tahlil qilib chiqadi. Masalan, u Shakamuro kabi kanallarni ko‘radi va o‘rgangan ma’lumotlarini tekshirib, mustaqil xulosalar chiqaradi.

 

Akimning eng muhim xususiyati — har bir mavzuga chuqur yondashishi. Maktabda Qadimgi Rim o‘tilsa, u faqat darslik bilan cheklanmaydi.

 

Qayd etilishicha. u Rim tarixini, gladiatorlar hayotini, Kolizey qurilishini va Rim raqamlarining kelib chiqishini ham mustaqil o‘rganadi. Kimyo va kosmos mavzularida ham shu uslubni qo‘llaydi: har bir mavzuni kengroq tahlil qiladi va alohida daftarlariga yozib boradi.

 

Nega u “yosh olim”?

 

Digitalbusiness nashrining yozishicha, Akimning “yosh olim” degan laqabi uning izlanishlari va mustaqil o‘qishga bo‘lgan qiziqishi tufayli paydo bo‘lgan. O‘qituvchilari ham uning qiziqishini qo‘llab-quvvatlab, ilmiy izlanishlarini rivojlantirishga yordam bermoqda.

 

O‘quvchining onasi uni kichikligidan mustaqil va mas’uliyatli bo‘lishga o‘rgatgan.

 

Men uni bolaligidan kattalardek qabul qilganman. Hech qachon unga mas’uliyat berishdan qo‘rqmaganman. U bolaligidan aqlli, kattalardek o‘ylaydi va gapiradi, — deydi Akimning onasi Aykerim.

 

Uning fikricha, bolaning rivojlanishida asosiy omillar — intizom, tartib, genetika va mas’uliyat hissi. Bu uchun hech qanday maxsus metodika, qimmat o‘qituvchilar yoki alohida dasturlar talab qilinmagan. Ona sifatida o‘g‘lining sog‘lom bo‘lishi va oxir-oqibat o‘z yo‘lini o‘zi tanlashi asosiy maqsadi ekanligini ta’kidlaydi.

 

10 yoshda astrofizika: Qozog‘istonda 5-sinf o‘quvchisi repetitorsiz “yosh olim”ga aylandi

 

Kelajak orzusi: astrofizik bo‘lish

 

Akimning o‘zi kelajagini aniq tasavvur qiladi. Uning eng katta orzusi — astrofizik bo‘lish va ilm orqali Qozog‘istonni dunyoga tanitish.

 

Men astrofizik bo‘lishni xohlayman. Men olim bo‘lib, Qozog‘istonni butun dunyoga tanitishni orzu qilaman, — deydi u.

 

Ayni vaqtda Akimning maqsadi — kelasi yili Nazarbayev Intellektual maktabiga o‘qishga kirish. U bu qarorni o‘zi mustaqil qabul qilgan.

 

Hozir esa u ilmiy loyihalar ustida ishlashda davom etmoqda, atrofdagi tabiat va fizik jarayonlarni kuzatib, o‘z bilimlarini kundan-kunga kengaytirib bormoqda.