Milliy kitobxonlik harakati bo‘yicha Prezident farmoyishi imzolandi: g‘oliblarga 50 ming dollargacha mukofot beriladi

Milliy kitobxonlik harakati bo‘yicha Prezident farmoyishi imzolandi: g‘oliblarga 50 ming dollargacha mukofot beriladi

O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan yangi milliy harakat yo‘lga qo‘yiladi. Prezidentning tegishli farmoyishiga ko‘ra, yuqori sinf o‘quvchilari uchun tashkil etiladigan tanlov g‘oliblari 50 ming AQSH dollarigacha pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

 

2026-yil 22-may kuni “Yoshlar orasida kitobxonlik dasturini keng joriy etish va ularning qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi F–33-sonli Prezident farmoyishi  qabul qilindi.

 

Farmoyishga koʻra, 2026-yildan har yili umumtaʼlim maktablarida oʻqiyotgan yoshlarning kitob oʻqishga qiziqishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan milliy kitobxonlik harakati (Dastur) oʻtkaziladi.

 

Dastur har yili 3 bosqichda amalga oshiriladi.

 

1-bosqich “kitobxonlikharakati.uz” elektron platformasida (platforma) roʻyxatdan oʻtgan holda onlayn, 2- va 3-bosqichlar esa bevosita ishtirok etish formatida viloyat va respublika darajasida oʻtkaziladi.

 

Dasturda ishtirokchilar 3 ta yosh toifasida ishtirok etib, belgilangan tartibda saralanadi.

 

Yuqori sinf toifalari (6-8-sinf, 9-11-sinf) boʻyicha gʻolib va sovrindorlar quyidagi miqdorda pul mukofoti va sertifikatlar bilan taqdirlanadi:

 

– 1-oʻrinni olgan 2 nafar gʻolibning har biri 50 ming AQSH dollari pul mukofoti va diplom;

 

– 2-oʻrinni olgan 2 nafar sovrindorning har biri 30 ming AQSH dollari pul mukofoti va diplom;

 

– 3-oʻrinni olgan 2 nafar sovrindorning har biri 15 ming AQSH dollari pul mukofoti va diplom;

 

– 5 ta qoʻshimcha nominatsiyalar boʻyicha sovrindorlarning har biri 10 ming AQSH dollari pul mukofoti va diplom.

 

Avvalroq, Prezident Xalqaro kongress markazida Oʻzbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish boʻyicha umummilliy harakatga start berish marosimida ishtirok etganligi haqida xabar bergan edik.