25-may “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari yaqinlashishi munosabati bilan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati o‘quvchilar va ota-onalarga murojaat bilan chiqdi. Unda voyaga yetmaganlarning avtomobil boshqarishi bilan bog‘liq xavfli holatlarning oldini olish zarurligi ta’kidlandi.
YHXX ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 25-may sanasi yaqinlashishi bilan yo‘llarda haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan o‘quvchilarning transport vositalarini boshqarish holatlari aniqlanadi. Jumladan, 2025-yilgi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” kuni soat 14:00 gacha respublika bo‘ylab voyaga yetmaganlar tomonidan avtomobil boshqarish bilan bog‘liq 256 ta holat qayt etilgan.
Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda ayrim o‘quvchi yoshlar tomonidan haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmasdan avtomashina boshqarish holatlari ko‘paygani, eng achinarlisi, tajribasiz yoshlar ishtirokida ko‘ngilsiz yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘layotgani ta’kidlandi.
Voyaga yetmaganlar ishtirokidagi avtohalokatlarning oldini olish maqsadida profilaktik reyd tadbirlari o‘tkazilayotgani ma’lum qilindi. Tadbirlar davomida aniqlangan har bir qoidabuzarlik uchun qonunchilikka muvofiq javobgarlik muqarrarligi ta’minlanishi qayt etildi.
‘‘Aziz bitiruvchilar, yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lmasdan turib avtomobil boshqarish orqali o‘z hayotingizni xavf ostiga qo‘ymang.
Hurmatli ota-onalar, “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari arafasida farzandingizga avtomobil kalitini ishonib topshirmang. Ularning bir lahzalik quvonchiga hissa qoʻshaman deb, kelajagiga ziyon yetkazishiga sababchi boʻlib qolmang’’, — deyiladi murojaatda.
Eslatib o‘rtamiz, Fargʻona viloyatida voyaga yetmagan haydovchi 3 nafar 10 yoshli qizni urib yuborgan edi. Hodisa oqibatida ulardan biri vafot etgan.
