O‘qituvchilarning metodik ishlarini ommalashtirish natijalari e’lon qilindi

O‘qituvchilarning metodik ishlarini ommalashtirish natijalari e’lon qilindi

“Oʻqituvchilarning ilgʻor tajribalari va zamonaviy metodikalarini ommalashtirish” jarayonining texnik va mazmuniy ekspertiza bosqichlari yakunlandi. Respublika boʻyicha 49 mingdan ortiq metodik ish koʻrib chiqilgan boʻlib, 440 ta ish respublika bosqichiga tavsiya etildi.

 

“Oʻqituvchilarning ilgʻor tajribalari va zamonaviy metodikalarini ommalashtirish” jarayonining 1-bosqich texnik ekspertiza va 2-bosqich mazmuniy ekspertiza natijalarini eʼlon qilindi. Bu haqda A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti xabar berdi.

 

Unga koʻra, joriy yilning 10-aprelidan 15-mayiga qadar kelib tushgan metodik ishlar saralashning birinchi — texnik, ikkinchi — mazmuniy ekspertiza bosqichi yakunlangan.

 

Xabaringiz bor, oʻqituvchilarning metodik ishlari joriy yilning 20-martidan 10-apreliga qadar ommalashtirish.avloniy.uz orqali qabul qilingan edi.

 

Birinchi bosqich natijalariga koʻra, respublika boʻyicha 49 128 ta metodik ishdan 42 302 tasi mazmuniy ekspertizaga yuborilgan boʻlib, 6 826 tasi texnik ekspertlar tomonidan rad etilgan.

 

Shuningdek, ikkinchi bosqich natijalariga koʻra, 42 302 ta metodik ishdan 1 103 tasi rad etilgan.

 

Natijalarga koʻra, maktab miqyosida 12 240 ta, tuman miqyosida 21 739 ta, viloyat (shahar) va Qoraqalpogʻiston Respublikasi miqyosida 6 780 ta metodik ish ommalashtirishga tavsiya etilgan boʻlib, respublika bosqichiga tavsiya etilgan metodik ishlar soni 440 tani tashkil etmoqda.

 

Mazmuniy ekspertiza bosqichida 8 ta fan yoʻnalishi boʻyicha Oʻquv-metodik kengash faoliyati yoʻlga qoʻyilib, metodistlar, professor-oʻqituvchilar, ixtisoslashtirilgan maktab mutaxassislari hamda umumtaʼlim muassasalarining tajribali pedagoglaridan iborat ekspertlar tarkibi metodik ishlarni koʻrib chiqqan va baholagan.

 

Ishtirokchilar texnik va mazmuniy ekspertiza bosqichi natijalarini ommalashtirish.avloniy.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlari orqali bilib olishlari mumkin.

 

Texnik va mazmuniy ekspertiza bosqichidan oʻta olmagan ishtirokchilarga metodik ishlarini takomillashtirib, kelgusida yana oʻz imkoniyatlarini sinab koʻrishlarini tavsiya etiladi.