AQSH kollej va universitetlarida xorijlik bakalavr talabalari soni 2026-yil bahorida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘rtacha 20 foizga kamaydi. Bu haqda NAFSA xalqaro ta’lim tashkiloti tadqiqotiga tayanib, Bloomberg nashri xabar berdi.
Ushbu tadqiqot NAFSA xalqaro ta’lim tashkiloti tomonidan 149 ta Amerika ta’lim muassasasida o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, pasayish viza qoidalarining kuchaytirilishi hamda immigratsiya siyosatidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq.
Universitetlarning aksariyatida xalqaro talabalar kamaygan
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan ta’lim muassasalarining 62 foizi bakalavriat va magistratura dasturlarida xorijlik talabalar soni 2025-yil bahoriga nisbatan kamayganini bildirgan.
Universitetlar bahorgi semestrdagi ushbu o‘zgarishni kuzgi qabul mavsumi uchun muhim signal sifatida baholamoqda. Chunki asosiy talabalar oqimi aynan kuzgi semestrda shakllanadi.
Xorijlik talabalar universitetlar moliyasi uchun muhim
Nashriyotning yozishicha, xorijlik talabalar odatda to‘liq kontrakt to‘lovlarini amalga oshiradi va bu universitetlar moliyaviy barqarorligida muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, AQSHning o‘zida demografik o‘zgarishlar sabab talabalar soni sekinlashayotgan bir paytda, xalqaro talabalar oliygohlar uchun asosiy daromad manbalaridan biri hisoblanadi.
“Agar kuzgi qabulda ham shunday pasayish davom etsa, ayrim universitetlar jiddiy moliyaviy bosimga duch kelishi mumkin”, deyiladi maqolada.
Asosiy sabab — hukumat siyosati
So‘rovda qatnashgan universitetlarning aksariyati pasayishning asosiy sababi sifatida hukumat siyosatini ko‘rsatgan.
Xususan, AQSHdagi ta’lim muassasalarining 84 foizi “cheklovchi hukumat siyosati”ni xalqaro talabalar sonining kamayishidagi asosiy omil deb baholagan.
Shuningdek, universitetlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i bu holat budjet qisqarishiga olib kelishi mumkinligini bildirgan.
Talabalik vizalari soni ham keskin kamaygan
“AQSHda xalqaro talabalar soni o‘tgan kuzda ham avvalgi yilga nisbatan 1,4 foizga kamaygan edi. Biroq o‘sha talabalar arizalarini qat’iy cheklovlar joriy etilishidan oldin topshirgan”, deyiladi hisobotda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, immigratsion nazorat choralarining kuchayishi mart oylarida boshlangan. May oyida esa hujjatlar topshirishning eng faol davrida yangi tekshiruv qoidalari joriy etilishi arafasida talabalar uchun viza suhbatlari vaqtincha to‘xtatilgan.
Natijada talabalar vizalari berilishi 2025-yil yozda 36 foizga qisqargan.
So‘rovnoma Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya kabi xalqaro ta’lim bozoridagi boshqa yirik davlatlarni ham qamrab olgan. Ushbu mamlakatlarda ham bahorgi semestrda xorijlik talabalar soni kamaygani qayd etilgan.
Biroq Yevropa va Osiyodagi universitetlarda, aksincha, xalqaro talabalar soni oshgani kuzatilgan.
Avvalroq, AQShda 6 mingdan ortiq talabalik vizalari bekor qilingani haqida xabar berilgandi.
