Statistik maʼlumotlarga koʻra, Rossiyada tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni jami 402 mingga yetdi. Ular orasida Oʻzbekistonlik talabalar 46 mingdan oshiq boʻlib, xorijlik talabalar orasida 4-oʻrinni egallagan.
Joriy oʻquv yilida Rossiya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni 2024-yilga nisbatan 7 ming nafarga koʻpayib, jami 402 ming nafarni tashkil etdi. Bu haqda RF Fan va oliy taʼlim vaziri oʻrinbosari Konstantin Mogilevskiy maʼlum qildi.
Bugungi kunda Rossiyada dunyoning 179 mamlakatidan kelgan yoshlar oʻqimoqda. Eng katta koʻrsatkichlar Qozogʻiston (60 818), Turkmaniston (57 060) va Xitoy (56 766) hissasiga toʻgʻri keladi.
Maʼlumotlarga koʻra, Rossiya OTMlarida 46 598 nafar oʻzbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Bu koʻrsatkich jami chet ellik talabalarning 11,5 foizi demakdir.
Jami xorijlik talabalarning qariyb 82 foizi 10 mamlakatga toʻgʻri keladi (top-10):
– Qozogʻiston — 60 818;
– Turkmaniston — 57 060;
– Xitoy — 56 766;
– Oʻzbekiston — 46 598;
– Hindiston — 38 831;
– Tojikiston — 24 640;
– Belorussiya — 16 048;
– Qirgʻiziston — 9 643;
– Ozarbayjon — 9 633;
– Eron — 9 495 kishi.
Avvalroq, 2026-yildan Rossiyada migrantlar uchun imtihonlar toʻliq elektron formatda oʻtkazilishi haqida xabar bergan edik.
