Endi abituriyentlar 086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani onlayn olishi mumkin

Endi abituriyentlar 086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani onlayn olishi mumkin

O‘zbekistonda 086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani my.gov.uz portali orqali onlayn yuklab olish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ma’lum qildi.

 

Unga ko‘ra, mazkur xizmatdan OTМ, litsey va kollejlarga hujjat topshiruvchi abituriyentlar, ishga kiruvchilar, sportchilar, shuningdek sudyalik lavozimiga tayinlanadigan nomzodlar va “Muruvvat” hamda “Sahovat” uylariga yo‘llanma oluvchi shaxslar foydalanishi mumkin.

 

Ilgari ushbu ma’lumotnomani olish uchun tibbiyot muassasasiga qayta borish va navbatlarda turish talab etilgan bo‘lsa, endilikda jarayon raqamlashtirilgan.

 

Biroq ma’lumotnoma portaldan olish uchun fuqaro avval tegishli tibbiyot muassasasida shifokor ko‘rigidan o‘tgan bo‘lishi lozim. Shifokor xulosalari elektron bazaga kiritilgach, hujjat my.gov.uz tizimida shakllanadi.

 

Hujjatni olish uchun portalning “Sog‘liqni saqlash” bo‘limiga kirib, “086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani olish” xizmatini tanlash kerak. Shundan so‘ng ma’lumotnoma elektron shaklda yuklab olinadi.

 

Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, foydalanuvchilardan qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.

 

Endi abituriyentlar 086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani onlayn olishi mumkin