Maktablarda “Mutolaa” ilovasiga majburiy obuna targʻib qilinyaptimi? Rasmiylar izoh berdi

Maktablarda “Mutolaa” ilovasiga majburiy obuna targʻib qilinyaptimi? Rasmiylar izoh berdi

Yoshlar ishlari agentligi maktablarga “Mutolaa” ilovasiga majburiy obuna boʻlish haqida hech qanday topshiriq berilmaganini maʼlum qildi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatidagi ayrim maktablarda oʻqituvchilar va oʻquvchilarni “Mutolaa” ilovasiga majburiy obuna qildirishayotgani, shuningdek, har bitta maktabga kamida 200 ta plan berilgani haqida xabarlar tarqaldi.

 

Bu esa koʻpgina noroziliklarga sabab boʻldi. Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu holatga nisbatan: “Oʻqituvchilar — yangi zamon nefti, hokim-u, korchalonlar uchun bitmas-tuganmas boyish manbayi” deya, fikr bildirdi.

 

Jurnalist Inobat Ahatova esa ushbu holatga nisbatan avvallari shifokor va oʻqituvchilar gazetalarga majburiy obuna qilinganini ilova qilib oʻtgan.

 

“Bir vaqtlar oʻqituvchi-yu shifokor zoti borki gazetaga majburiy obuna qilinar edi. Ularning mantigʻiga koʻra, gazeta oʻqish foydali, majburiy obuna yomon ish emas. Endi ilovalarga obuna davri keldi”, — deydi Ahatova.

 

Holat yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi masʼullari raddiya berdi. Xususan, “Mutolaa” loyihasi bosh muharriri Saʼdullo Quronov oʻzining Twitterʼdagi sahifasida ilova biror marta majburlab targʻib qilinmaganini, bunga ehtiyoj yoʻqligini taʼkidlab oʻtgan.

 

“Mutolaa” ilovasini biror marta majburiy targʻib qilmaganmiz. Bunga ham ehtiyoj yoʻq, kuniga 100 ming inson ilovadan foydalanyapti. Kimdir shaxsiy tashabbus bilan joylarda oʻquvchilarni majburlayotgan boʻlsa, biling, bizning jamoa bunga mutlaqo qarshi», — deydi Quronov.

 

 

Shuningdek, ushbu vaziyatga nisbatan Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev ham munosabat bildirdi.

 

“Majburiy obunaga doim qarshi boʻlganmiz. Bizga shishirilgan raqamlar kerak emas, shundoq ham yuz minglab odamlar kitoblarni mamnuniyat bilan tinglashmoqda”, — deydi Alisher Saʼdullayev.