Uyda ta’lim beruvchi o‘qituvchilarga yo‘l haqi to‘lash tartibi bekor qilinishi mumkin

Uyda ta’lim beruvchi o‘qituvchilarga yo‘l haqi to‘lash tartibi bekor qilinishi mumkin

Uyda ta’lim beruvchi o‘qituvchilarga yo‘l haqi kompensatsiyasini tartibga solgan nizomni bekor qilish bo‘yicha hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Muhokama 25-aprelgacha davom etadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tegishli qaror loyihasi muhokamalar portaliga joylandi.

 

Unga ko‘ra, 2013-yil 28-yanvarda tasdiqlangan “Uyda ijtimoiy yordam xizmati xodimlari hamda nogiron bolalarni uyida o‘qitganlik uchun umumta’lim maktablari o‘qituvchilariga yo‘l haqi kompensatsiyasi tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom”ni tasdiqlash haqidagi qaror o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi ko‘zda tutilgan.

 

Mazkur hujjat nogiron bolalarni uy sharoitida o‘qitgan pedagoglarga yo‘l xarajatlarini qoplash mexanizmini belgilab berar edi.

 

Qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-maydagi PF–5723-son hamda 2023-yil 26-maydagi PF–79-son farmonlari, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son va 2025-yil 18-iyundagi 376-son qarorlariga muvofiq qabul qilingan.

 

Jamoatchilik muhokamasi 25-aprel kuni yakunlanadi. Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

 

Avvalroq, xalqaro tanlovlarda gʻolib boʻlgan oʻquvchilar va ularni tayyorlagan o‘qituvchilarga pul mukofoti berilishi haqida xabar qilgan edik.