Bugun, 25-fevral kuni Bilim va malakalarni baholash agentligi ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida 2025/2026 o‘quv yilgi kirish imtihonlaridagi apellyatsiyada yutgan abituriyentlar bo‘lmagani ma’lum qilindi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Odilovning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda apellyatsiya arizalarini berayotgan talabgorlar soni ancha kamaygan.
“Lekin apellyatsiya arizasini berish imkoniyati ancha qulaylashgan. Avvallari, abituriyentlar norozilik shikoyatini bermoqchi bo‘lsa, Agentlik binosiga kelib berishlari kerak edi. Hozir esa bu jarayon onlayn shaklda shaxsiy kabinet orqali amalga oshiriladi. Albatta, shikoyatlarni ko‘rib chiqilayotganda talabgor shaxsan kelishi kerak bo‘ladi”.
Shuningdek, o‘tgan yilgi kirish imtihonlarida apellyatsiya arizalari 2 mingta atrofida bo‘lgan, ammo yutib chiqqan talabgorlar kuzatilmagan.
Avvalroq, yangi o‘quv yilida ham oliy taʼlim muassasalariga qabul tizimida “avval test, soʻng tanlov” tamoyili amalda qolishi haqida xabar bergan edik.
