AQSHda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba vafot etdi

AQSHda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba vafot etdi

AQSHdagi O‘zbekiston konsulligi Stony Brook University talabasi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati Muhammadyusuf Faxriddinov vafot etganini ma’lum qilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan AQSHning tegishli tergov idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Ma’lum qilinishicha, marhum Stony Brook University talabasi bo‘lib, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi asosida ta’lim olayotgan bo‘lgan. U kompyuter texnologiyalari va informatika yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat dasturining 4-bosqich talabasi bo‘lgan. Shuningdek, u jamg‘arma tomonidan iqtidorli va namunali stipendiatlardan biri sifatida e’tirof etilgan.

 

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, u uyquga ketib uyg‘onmagan va o‘lim yurak faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.

 

“El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda AQSHdagi konsullik idoralari bilan hamkorlikda ish olib borayotganini bildirgan. Voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida tegishli tashkilotlar bilan aloqalar davom etmoqda.

 

Talabaning jasadini O‘zbekistonga olib kelish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar ham jamg‘arma nazoratiga olingani ma’lum qilingan.