Buxoro viloyati Jondor tumani 1-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Toshpo‘latov Elyor Elmurod o‘g‘li IELTS’dan 6.0, SAT’dan 1350 ball va matematikadan B darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va rejalari haqida suhbatlashdi.
“Til o‘rganishga maktabga qadam qo‘yganimdan beri qiziqaman”
Elyorning aytishicha, unda ingliz tiliga qiziqish maktabga ilk qadam qo‘ygan paytidayoq paydo bo‘lgan. Shu bilan birga, u matematika faniga ham jiddiy e’tibor qaratgan, ustozlari qo‘l ostida shug‘ullangan va hatto olimpiadalarda qatnashib, tuman bosqichigacha yetib borgan.
“Ota-onam ziyoli, ikkisi ham oliy maʼlumotli. Otam IIBdan nafaqaga chiqib, hozirda maktabda CHQBT rahbari, onam esa oliy toifali boshlangʻich sinf oʻqituvchisi.
Til o‘rganishga maktabga qadam qo‘yganimdan beri qiziqaman. Dastlab Sharopov Farhod ustozimdan matematika fanini oʻrganishga harakat qildim. Maktab olimpiadalarida qatnashdim va tumanga chiqdim.
Ingliz tilida menga ishonch bildirgan ustozim Shukurova Dilfuza va Karimova ustozlarimni mehnatlari katta. 9-sinfda o‘qib turgan vaqtimda akam CEFR’ga tayyorlanish uchun o‘quv markaziga borardilar. Akamni ko‘rib, men ham ota-onamga shu oʻquv markazga borishimga ruxsat berishlarini soʻradim, ular rozi bo‘lishdi”.
“Ikkala fanni ham birga olib borishga va’da berdim”
Elyor 9-sinfda ingliz tilini jiddiy o‘rganishni boshlagan.
“Oʻquv markazdagi ustozim Rashidov Nazir ota-onamga 7-8-soat dars qilishim kerakligini, boshqa fanni keyinga surib qoʻyishimni aytdi. Ota-onam meni matematika fanini tashlab qoʻyadi deb qoʻrqishgani uchun men ikkala fanni ham birga olib borishga va’da berdim. Boshida ancha qiynaldim. Chunki maktab darslari, yana matematikam ham bor. Oʻzimga reja qilib oldim, qachon maktab darsini qilaman, qachon ingliz tili va matematikani. Matematikani oʻzim mustaqil davom ettira boshladim”, deya eslaydi o‘quvchi.
U bergan va’dasiga amal qilgan holda ko‘proq mehnat qilgani sabab do‘stlaridan ancha uzoqlashib qolganini ham bildirdiְ:
“Tayyorgarlik davomida kechqurun soat 1-2-gacha dars qilardim. Qarindoshlarimiz uylariga chaqirishsa yoki doʻstlarim chaqirsa ham bora olmadim. Vaqtim bekor ketib qolishidan qoʻrqardim. Akam oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirdi, 3ta sertifikatlari bor edi. Faqat tarix fanidan 20 minutgina kirib, test yechib chiqqanlarini koʻrib, men imtihonsiz talaba boʻlaman deb maqsad qoʻydim”.
“Avvaliga uydagilardan uyalib natijamni aytolmadim”
Elyor dastlab IELTS imtihonini sinov sifatida topshirgan. U imtihon jarayonidagi hayajonni alohida eslaydi:
“Uyda akam bilan koʻproq ingliz tilida gaplashib, bir-birimizga yordam berdik. 2025-yil dekabr oyida dastlab IELTS’ga sinov uchun imtihon topshirdim, chunki menga SAT kerak edi. Birinchi marta imtihondagi hayajonimni tasvirlab bera olmayman. Imtihon yaxshi oʻtdi, ammo hayajonim menga baribir o‘z taʼsirini oʻtkazdi”.
Lekin natija chiqqach u darhol yaqinlariga buni ayta olmagan:
“Natijam chiqqanida uyidagilardan uyalib aytolmadim. Avvaliga, onam kelib soʻraganlarida ming xijolat bilan 6 olganimni aytganimda xursand boʻlib ketdilar. Birinchi qadaming yomon emas, bunga erisholmaganlar qancha deb menga tasalli berdilar. Men yana tayyorgarlikni davom ettirdim.”
“2 oy ichida 4–5 soatdan ortiq uxlamadim”
O‘quvchining aytishicha, keyinroq mustaqil tayyorgarlik ko‘rayotganida otasi yana bir o‘quv markazga borib ko‘rishni tavsiya qilgan.
“2026-yil yangi yil arafasida edi, otam borasanmi dedilar va men rozi bo‘ldim. Borganimda matematikadan menga sinov uchun 10 ta test berishdi, kompyuterda bajardim,10 dan 9 ta yechdim. Ular 3 kun sinov muddati bilan meni olishdi. 14-yanvar kuni markaz bilan 3 oylik shartnoma qildik va darslar boshlandi. Boshida menga dars muhiti yoqmadi, ota-onamga aytganimda, endi shartnoma qildik, oʻqiysan deb qattiq turishdi. Keyinchalik notoʻgʻri tushunganimni, bu doʻstona muhit ekanini tushunib yetdim”.
SAT imtihoni oldidan Elyor o‘zini maksimal darajada safarbar qilgan. U hatto uyqudan ham voz kechganini aytadi:
“Bir kuni onam matematikadan milliy sertifikat imtihonlariga roʻyxatdan oʻtish boshlandi, bir oʼzingni sinab koʻr deb qoldilar. Roʻyxatdan oʻtdim va shu orada SAT imtihonlariga ham roʻyxatdan oʻtish boshlangan edi, undan ham oʻtdim. 28-fevralda sinovga kirdim. Haqiqatdan ancha hayajonlarim bosilgan edi. 14-mart asosiy SAT imtihoni edi. Ota-onam menga barcha sharoitni qilib berishdi. 2 oy ichida 4-5 soatdan ortiq uxlaganim yoʻq.13-mart kuni kechqurun 3gacha dars qilib, ertalab yana soat 5 da turib imtihonga bordim. Bu safar albatta yuqori natija koʻrsatishim kerak edi”, – deydi u.
“Matematika qismini mazza qilib yechdim”
SAT imtihoni davomida Elyor o‘ziga ishonch bilan ishlagan:
“Imtihonga kirganda 1-qismni yaxshi yechsa, ikkinchi qism qiyinroq tushishini va shunga koʻra ball berilishini bilar edim. Matematika qismini shunaqa mazza qilib yechdim, faqat bitta taxmin belgiladim, deb oʻylagan edim. Balki belgilashda xato qildimmi, 790 hisoblab turgandim. Xullas testni tugatib chiqdim. 27-martda javoblar chiqishi kerak edi. Har bir kunni sanab soat va minutigacha kutdim, matematikadan B olibman”.
“Onam xursand bo‘lib yig‘lab yubordilar”
SAT natijalari chiqqach, u avval ustoziga keyin ota-onasiga xabar bergan. Bu lahza uning hayotidagi eng esda qolarli voqealardan biri bo‘lganini ta’kidlaydi:
“Ota-onamga natijamni aytganimda juda xursand bo‘lishdi. Onam hatto yig‘lab yubordilar. Men ozgina bo‘lsa ham ota-onamni ishonchlarini oqlay oldim deb o‘ylayman. Lekin to‘xtab qolmoqchi emasman. IELTS’imni ko‘tarib, SAT sertifikatlarimni ham 1600 ga yetkazguncha toʻxtamayman. Hali menda yana 1 yil bor, koʻp natijalar qilishim kerak. 9-sinfni imtiyozli shahodatnoma bilan tugatib, hozirda maktabni oltin medal bilan tugatishga harakat qilyapman”, – deydi u suhbat yakunida.
Ayni paytda o‘quvchi maktabda barcha fanlarni a’lo baholarga o‘qiyotganini, kelajakda esa nufuzli xorijiy oliygohlarda tahsil olishni maqsad qilgan.
Elyorni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Toshkent viloyati, Angren shahridagi 20-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Ziyakulov Mirziyo Otabek o‘g‘li IELTS’dan 7.5 ball, SAT’dan 1270 ball, CEFR’dan C1 daraja hamda matematika fanidan C darajali milliy sertifikatni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
