2026-yildagi bahorgi attestatsiya kimlar uchun majburiy bo‘ladi? Qarorda qo‘shimcha muddat beriladigan holatlar mavjud

2026-yildagi bahorgi attestatsiya kimlar uchun majburiy bo‘ladi? Qarorda qo‘shimcha muddat beriladigan holatlar mavjud

2026-yil birinchi yarmida o‘tkaziladigan attestatsiyaga hujjat topshirayotgan pedagoglar ariza topshirishda e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan eng muhim jihatlardan biri — attestatsiya turini (navbatdagi majburiymi yoki navbatdan tashqarimi) to‘g‘ri tanlash hisoblanadi. Sababi, navbatdagi majburiy attestatsiya uchun to‘lov qilinmaydi.

 

Agar pedagog navbatdan tashqari sifatida hujjat topshirib qo‘ysa-yu, ushbu attestatsiya mazkur pedagog uchun navbatdagi majburiy bo‘lsa, bunda ariza rad qilinadi va to‘lov qaytarilmaydi.

 

Shu sababli Talimxabarlari.uz “Joriy attestatsiya kimlar uchun majburiy hisoblanadi?” degan savolga javob izladi.

 

Ma’lumki, Hukumat qaroriga asosan toifa sertifikatlari muddati 5 yil hisoblanadi. Agar pedagog oxirgi toifa sertifikatini 2021-yilda yoki undan avvalgi yillarda olgan bo‘lsa, ushbu sinovlar uning uchun navbatdagi majburiy hisoblanadi. Ta’kidlash lozimki, 2022-yilgacha pedagoglar attestatsiyasi bir yilda bir marotaba o‘tkazilgan.

 

Agar pedagogning holati nizomda ko‘rsatilgan quyidagi bandlardan biriga mos bo‘lsa, uning toifa sertifikati 2021-yilda olingan bo‘lsa ham, majburiy attestatsiyaga jalb qilish muddati keyingi yillarga surilishi mumkin:

 

  • — homilador ayollar — ular homilador bo‘lgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;

 

  • — homiladorlik va tug‘ish hamda bolani parvarish qilish ta’tillarida bo‘lgan ayollar — ular ta’tilda bo‘lgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;

 

  • — pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan, uch yoshgacha bolalari bor ayollar;

 

  • — uzoq (uch oydan ortiq vaqt mobaynida) davolanishni o‘tayotgan pedagog kadrlar — ular davolanayotgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin olti oy davomida;

 

  • — ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlar asosida raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun eng kam miqdordagi ish o‘rinlariga zaxiraga olib ishga joylashtirilgan pedagog kadrlar — bu ish joylariga qabul qilingan kundan boshlab uch yil davomida.

 

Agar pedagogning holati yuqoridagi holatlardan qaysidir biriga mos bo‘lsa, asos bo‘luvchi hujjatlarni platformaga yuklash orqali majburiy attestatsiya muddati surilishi lozim.

 

Hukumat qarori (572-son, 17.09.2021) bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, pedagog kadr attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilishidan voz kechgan, amaldagi malaka toifasini (lavozimini) himoya qila olmagan yoki attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, to‘langan yig‘im qaytarib berilmaydi.

 

Pedagog kadrlar uzrli sabablarga (vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi, respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganligi, vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda bo‘lganligi, yaqin qarindoshining vafoti, vakolatli davlat organi yoki ta’lim tashkilotlari rahbarlarining ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan boshqa asoslarga) ko‘ra attestatsiyaga kelmaganligi tufayli ularning attestatsiyasi boshqa muddatga ko‘chirilgan taqdirda, yig‘im takroran undirilmaydi.

 

Pedagog.uzedu.uz platformasiga mas’ul xodimning Talimxabarlari.uz’ga ma’lum qilishicha, mutaxassis toifasidan yuqori toifali pedagoglarga hujjat topshirishda platformaning o‘zida “Sizniki majburiy navbatdagi attestatsiya” degan eslatma berilmoqda. Mutaxassis toifasidagilar esa yuqoridagi ko‘rsatmalarga amal qilishlari lozim bo‘ladi.

 

To‘lov qilishdan avval toifa sertifikatingiz muddatiga qarab aniqlashtirib oling: siz uchun joriy attestatsiya navbatdagi (majburiy)mi yoki navbatdan tashqarimi? Agar siz uchun joriy attestatsiya majburiy bo‘la turib, navbatdan tashqariga hujjat topshirsangiz, arizangiz rad etiladi va to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.

 

Eslatma o‘rnida, pedagoglarga arizani oxirgi muddatga qoldirmaslik, imkon qadar ertaroq roʻyxatdan oʻtib, toʻlovni amalga oshirish tavsiya etiladi. Oʻz vaqtida toʻlovni toʻliq amalga oshirmagan arizalar esa koʻrib chiqilmaydi.

 

Attestatsiyaga tayyorgarlik uchun diagnostika testlarini quyidagi botlar yordamida bajarishingiz mumkin:

 

O‘zbek tilida: 👉 https://t.me/uztditestbot
Rus tilida: 👉 https://t.me/uztditest_rusbot
Qoraqalpoq tilida: 👉 https://t.me/uztdi_qrtestbot