Taʼlim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish uchun arizalarni qabul qilish boshlandi.
Ushbu jarayon Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan oʻtkaziladi.
Davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish toʻgʻrisida arizalar Agentlikning “Akkreditatsiya” platformasida elektron shaklda, zaruratga koʻra, tasdiqlangan qogʻoz shaklida qabul qilinadi.
Unga koʻra, taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish toʻgʻrisida arizalar kelgusi oʻquv yilida faoliyatini boshlash uchun har yili 1-oktyabrdan kelgusi yilning 31-yanvarigacha qabul qilinadi. Ushbu muddatlardan tashqari boshqa muddatlarda maxsus davlat akkreditatsiyasi taʼlim tashkilotining murojaatiga asosan, Agentlik bilan tuziladigan shartnoma shartlari va oshirilgan toʻlov asosida amalga oshiriladi.
Davlat akkreditatsiyasidan oʻtish uchun arizalar accreditation.nqaae.uz platformasi orqali qabul qilinadi.
Oliy taʼlim tashkilotlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish jarayoni yoʻriqnomasi quyidagicha:
Platformaga kirish taʼlim tashkilotining ONE-ID tizimidagi yuridik shaxs kabineti orqali amalga oshiriladi va platformaga taʼlim tashkiloti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tegishli axborot tizimlarida avtomatik tarzda yuklanadi.
Platforma Soliq qoʻmitasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligining tegishli axborot tizimlari hamda elektron hukumat tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi va egov tizimi bilan avtomatik maʼlumotlar almashish boʻyicha integratsiya qilingan.
Agar maʼlumotlarda kamchilik mavjud boʻlsa, integratsiyalashgan tizimga aloqaga chiqib, muammoni bartaraf etish mumkin.
Taʼlim tashkilotining tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilinmagan maʼlumotlari taʼlim tashkilotining rahbari yoki rahbar tomonidan belgilangan masʼul xodim tomonidan kiritiladi.
Platformaning boshqaruv panelida kiritilishi kerak boʻlgan maʼlumotlar alohida qizil rangda koʻrsatiladi. Ariza topshirishdan oldin ushbu boʻlimdagi kamchiliklar toʻldirilib, akkreditatsiyasidan oʻtish jarayonlariga masʼul xodim maʼlumotlari kiritiladi.
Maʼlumotlar kiritilgach, “Yangilash” tugmasi bosiladi. Profil statusi maʼlumotlar toʻliq koʻrinishiga oʻtgach, ariza topshirish boʻlimi ochiladi.
Ariza topshirish boʻlimida kompleks yoki maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtish tanlanadi.
Maxsus davlat akkreditatsiyasi tanlanganda, yangi tashkil etiladigan taʼlim dasturi, yoki dasturlarni qoʻshish boʻlimi ochiladi. Yangi tashkil etiladigan taʼlim dasturi kodi kiritilgach, dastur haqidagi maʼlumotlar toʻldirilishi kerak. Bir yoki bir nechta taʼlim dasturlari xuddi shu usulda qoʻshiladi va ular belgilanib, saqlash tugmasi bosiladi.
Soʻngra ariza yuborish boʻlimiga oʻtiladi. Bu bosqichda akkreditatsiyasi uchun ariza maʼlumotlari koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi. Keyin ariza yigʻimi boʻlimiga oʻtiladi va invoys maʼlumotlari yuklab olinib, koʻrsatilgan summa toʻlangach, arizani tekshirish bosqichi ochiladi.
Arizalar agentlik tomonidan 15 ish kuni ichida tekshiriladi va kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda akkreditatsiya yigʻimi boʻlimiga oʻtkaziladi. Akkreditatsiyasidan oʻtish yigʻimi toʻlangach, shartnoma tuzish boʻlimi ochiladi.
Ushbu bosqichda taʼlim tashkiloti va agentlik oʻrtasida shartnoma tuziladi va akkreditatsiyasi jarayonlari boshlanadi.
