O’zbekistonlik talabalar nimani orzu qiladi?

O’zbekistonlik talabalar nimani orzu qiladi?

Talimxabarlari.uz xalqaro talabalar kuni munosabati bilan O’zbekistonlik talabalarga «Siz talaba sifatida nimani orzu qilasiz?» «O‘zbekistonda talabalarga eng ko‘p yetishmayotgan imkoniyat deb nimani bilasiz?» «O‘zingizning kelajak rejangizda ta’lim qanday o‘rin tutadi?» «Agar bitta o‘zgarish kiritish imkoningiz bo‘lsa, talabalik hayotida nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?»- deya savollar yo’lladi. Quyida yurtimizdagi OTMlarda tahsil olayotgan turli yoshdagi yigit-qizlarning javoblarini keltirib o’tamiz:

 

Biror stipendiya olishni orzu qilaman desam xato bo’lmaydi. Fanga doir bitta bo’lsa ham yaxshiroq narsa yozishni xohlayman. Doim talabalar uchun erkinlik bo’lgani yaxshi.  Har qanday rejada ta’limni o’rni alohida bo’ladi. Shu bilan birga meni kelajak rejamda ham ta’lim yaxshigina ahamiyatga ega – deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 4-bosqichi talabasi Shohrux Jo’rayev.

 

Talaba sifatida orzuyim qizil diplom olish. O’zbekistonlik talabalarga yetishmaydigan imkoniyat deb ish o’rni bilan yetarlicha ta’minlanmaganlikni aytgan bo’lar edim. Ta’lim yo’nalishi bo’yicha ishlash niyyatim yo’q, lekin o’qish va shaxsiy rivojlanish ancha yuqori o’rinda turadi. Ta’limga o’zgartirish kiritish imkonim bo’lganda, Hemis tizimini va formani o’zgartirgan bo’lar edim deydi – Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 3-bosqichi talabasi Anvar Abdusaidov.

 

Assalomu alaykum yaxshimisiz? Ko’proq yotoqxonalar bo’lishi, keyin stipendiya ko’proq, kontrakt kamroq bo’lishi). Ha keyin yotoqxonaga nogironligi borlarni qo’yamiz deyishadi-yu, tanish-bilishlarini qo‘yishadi yoki universitetda ishlaydiganlarni. Menimcha yotoqxona 3 – 4 ta binodan iborat bo’lsa yaxshi bo’lardi . Kutubxonadagi kitoblarni uyga olib ketgani berishsa yana ham yaxshi bo’lardi – deya javob berdi ismi sir qolishini xohlagan talaba qiz.

 

Men uchun eng katta orzu — o‘zim tanlagan sohada kuchli mutaxassis bo‘lish. O‘zbekistonda talabalar uchun yetishmayotgan narsa — bu amaliyot va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash imkoniyati. Shuning uchun, agar ta’limga bitta o‘zgarish kirita olsam, talabalik hayotini amaliyot bilan boyitgan bo‘lardim. – deydi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Dilsora Shavkatova.

 

Ayni paytda mening eng katta orzum o‘qiyotgan sohamda o‘z o‘rnimni topish va mustaqil fikrlovchi mutaxassis bo‘lish. Talabalarga eng ko‘p yetishmayotgan narsa bu erkin fikrlash, tajriba maydonlari va sifatli mentorlik deb hisoblayman. Ta’lim esa mening kelajagimda yo‘nalish beruvchi asosiy kuchdir. Agar bir o‘zgarish kiritish imkonim bo‘lsa, talabalarga ko‘proq amaliy loyiha va haqiqiy hayotga yaqin tajribalar asosida metodika ishlab chiqqan bo‘lardim – deydi Samarqand davlat universiteti 2-bosqichi talabasi.

 

Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda 1,5 milliondan ortiq talaba tahsil olmoqda. Bu — mamlakat aholisining qariyb 4 foizini tashkil etadi. Talabalar respublikamizdagi 205 ta oliy ta’lim muassasasida bilim olmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston OTMlarida 16 597 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda, ularning 11 ming nafardan ortig‘i tibbiyot yo‘nalishida o‘qiydi.

 

Talimxabarlari.uz sayti jamoasi barcha talaba yoshlarni bugungi kun munosabati bilan chin qalbdan muborakbod etadi. Sizning har bir o‘qigan sahifangiz, qilgan ishingiz, sarflagan mehnatingiz kelajakning mustahkam poydevorini yaratadi. O‘qishga bo‘lgan ishtiyoqingiz hech qachon so‘nmasin. Yangi g‘oyalar, yangilikka chanqoqlik va orzularingiz doimo sizni oldinga boshlab borsin!

 

Sizning ham yuqoridagi savollarga o’z javobingiz bo’lsa, uni @talimxabarlariga_bot orqali yuboring.