Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Oʻzbekistonda oʻrta taʻlimda fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) fanlarini oʻqitish sifatini oshirish maqsadida 100 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratadi. Bu haqda bank matbuot xizmati maʼlum qildi.
Loyiha doirasida mamlakat boʻylab 200 ta maktabning oʻquv muhiti yangilanib, ular qoʻshni taʼlim muassasalari uchun resurs markazlariga aylantiriladi. Yangilanishlar doirasida zamonaviy laboratoriyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasi, quyosh energiyasi tizimlari hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv sharoitlar yaratiladi.
Bundan tashqari, butun respublika boʻylab oltita STEM fani boʻyicha oʻqituvchilar tayyorlanadi, fanlararo taʼlimni rivojlantirish va qizlarni ushbu sohalarga yoʻnaltirish maqsadida targʻibot tadbirlari oʻtkaziladi.
Mazkur loyiha Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasiga hamohang boʻlib, OTBning 2030-yilgacha boʻlgan strategiyasida belgilangan raqamli oʻzgarish, gender tengligi va iqlim barqarorligi yoʻnalishlariga mos keladi. Shuningdek, u OTBning taʼlim va inson kapitalini rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlashga oid tashabbuslarini toʻldiradi.
OTB vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya taʼkidlashicha, STEM taʼlimini kuchaytirish Oʻzbekiston yoshlariga innovatsion koʻnikmalarni shakllantirish va mamlakatni 2030-yilga borib daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga olib chiqishga xizmat qiladi.
Shuningdek, OTB yaqinda Oʻzbekistonga davlat sektori samaradorligini oshirish, davlat korxonalarini modernizatsiya qilish va Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishga tayyorgarlik jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash uchun 500 million dollar kredit ajratishni ham maʼqulladi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilda Oʻzbekiston va OTB oʻrtasidagi hamkorlikka 30 yil toʻldi. 1995-yildan beri bank mamlakatga turli loyihalar uchun jami 14,6 milliard dollar miqdorida mablagʻ ajratgan.
