Yenching Academy Scholarship — ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishda magistratura bosqichida tahsil olishni istagan yoshlar uchun Pekin universitetida to‘liq moliyalashtirilgan ta’lim dasturi. Dastur dunyoning istalgan mamlakatidan bo‘lgan nomzodlar uchun ochiq bo‘lib, yosh, millat, din va tildan qat’i nazar, barcha uchun teng imkoniyat yaratadi.
Har yili 120 nafar talaba grant asosida o‘qishga qabul qilinadi, shundan 75 foiz o‘rinni xalqaro talabalar egallaydi.
Nomzodlar bakalavr diplomiga ega bo‘lishi va ingliz tilini yetarli darajada bilishi lozim. Ular Pekin universiteti tomonidan taklif etiladigan quyidagi 6 yo‘nalishlardan birida o‘qish imkoniga ega:
– iqtisodiyot va menejment;
– tarix va arxeologiya;
– falsafa va dinshunoslik;
– siyosat va xalqaro munosabatlar;
– huquq va jamiyat;
– adabiyot va madaniyat.
Yenching Akademiyasi Xitoy tadqiqotlari bo‘yicha magistrlik dasturi orqali Xitoy va dunyo o‘rtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Xitoy tarixi, buguni va istiqbolini chuqur o‘rganishga qaratilgan ilg‘or ta’lim muhitini yaratishni maqsad qilgan.
Dastur imtiyozlari
Grant yutib olgan talabalar quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladilar:
– to‘liq grant asosida bepul o‘qish;
– bepul turar joy (1-o‘quv yilida xalqaro talabalar uchun majburiy);
– oylik stipendiya;
– Xitoyga borish va qaytish xarajatlarini qoplash;
– tadqiqot ishlari uchun alohida mablag‘ ajratiladi.
Talablar:
– kamida bakalavr diplomiga ega bo‘lish yoki 2026-yil 31-avgustga qadar uni qo‘lga kiritish;
– yuqori akademik natijalar;
– ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi hujjat;
– Xitoy madaniyati va ijtimoiy fanlarga qiziqish;
– yetakchilik ko‘nikmalari va ijtimoiy faoliyatda ishtirok etganlik.
Eslatma: Pekin universitetida o‘qiyotganlar ushbu grantga ariza topshira olmaydi.
Hujjat topshirish tartibi
Ariza topshirish onlayn shaklda amalga oshiriladi. Quyidagi hujjatlar talab etiladi:
– to‘ldirilgan onlayn ariza shakli;
– shaxsiy bayonnoma (Personal statement) — 750 so‘zgacha;
– tadqiqot bayonnomasi (Research proposal) — 1500 so‘zgacha (iqtiboslar bilan);
– CV (rezume);
– rasmiy diplom va baholar varaqasi (transkript);
– 2 ta tavsiyanoma xati;
– ingliz tili bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat (IELTS 7.0, TOEFL iBT 100, Cambridge 185, CET6 600 yoki TEM4 “良好” va undan yuqori).
Ariza to‘ldirishdan oldin ushbu havola orqali shartlar bilan batafsil tanishib chiqish kerak!
Ingliz tili test natijalari 2024-yil 1-sentabrdan keyin olingan bo‘lishi kerak. Sertifikatlar bevosita test markazidan yuboriladi. Ingliz tili asosiy o‘qitish tili bo‘lgan bakalavr yoki magistr diplomiga ega nomzodlardan test natijalari talab etilmaydi.
Arizalar 2025-yil 1-dekabrga qadar qabul qilinadi. Tanlov yakunlari va suhbatga chaqiruvlar qish–erta bahor oylarida yuboriladi.
Suhbatlar masofadan turib yoki Pekinda jonli shaklda o‘tkaziladi. Qabul tasdiqlangan nomzodlarga taklifnomalar 2026-yil iyun oyining oxirigacha yuboriladi.
