Maktab maslahatchisi lavozimini joriy etish sanasi keyinga surilishi mumkin

Maktab maslahatchisi lavozimini joriy etish sanasi keyinga surilishi mumkin

Xabaringiz bor,  Prezidentning “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  2025-yil 8-sentyabrdagi PQ-277-sonli qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-oktyabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maktab maslahatchisi lavozimini joriy etish belgilangan edi.

 

 

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2025-yil 30-sentyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 368-sonli buyruq qabul qilingan. Unda lavozim joriy etiladigan maktablar ro‘yxati, ishga qabul qilish tartibi hamda maslahatchilarning malaka talablari tasdiqlangan.

 

 

Biroq Xalqta’liminfo.uz nashrining ma’lum qilishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur lavozimni 1-oktyabrdan emas, balki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori imzolanganidan so‘ng joriy etilishini bildirgan.

 

 

Vazirlik axborotiga ko‘ra, qaror qabul qilingach, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman (shahar) darajasida “Kelajak” markazlari tuzilmasi shakllantiriladi va ularning rahbarlari tayinlanadi. Shundan so‘ng maktab maslahatchilari lavozimiga mutaxassislarni ishga qabul qilish bo‘yicha hududiy ishchi guruhlar tuziladi.

 

 

Nomzodlar suhbat asosida saralanadi. Muvaffaqiyatli o‘tganlar uchun maxsus o‘quv kursi tashkil etilib, yakunida test sinovlari o‘tkaziladi. Sinovdan o‘tganlarga maxsus “guvohnoma” beriladi. Mazkur hujjat asosida ular ta’lim muassasalariga yo‘naltirilib, maktab direktorlarining buyrug‘i bilan lavozimga tayinlanadi.

 

 

Maktab maslahatchisi lavozimini joriy etish jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi:

 

 

– Birinchi bosqichda — 2025-yil dekabr oyigacha 3400 ta maktabda lavozim joriy etiladi.

 

– Ikkinchi bosqichda — 2026-yil yanvaridan boshlab qolgan 7 mingga yaqin maktablarda jarayon davom ettiriladi.

 

 

Shu tariqa, maktab maslahatchisi lavozimi 2025-yil 1-oktyabrdan emas, balki Vazirlar Mahkamasi qarori imzolanganidan so‘ng amaliyotga joriy etiladi. Shuningdek, 2025-yil 30-sentyabrda qabul qilingan 368-sonli vazirlik buyrug‘i mazkur qaror kuchga kirgach o‘z ahamiyatini yo‘qotishi mumkinligi qayd etilgan.