Toshkentdagi texnikumlardan birida 17 yoshli nogiron o‘quvchi kaltaklandi

Toshkentdagi texnikumlardan birida 17 yoshli nogiron o‘quvchi kaltaklandi

Ijtimoiy tarmoqlarda nogironligi bor bola kaltaklangani aks etgan video tarqaldi. Bu tasvir jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Videoni yozib olgan ayol Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida istiqomat qilishini, uning farzandi esa Toshkentda zo‘ravonlikka uchraganini aytgan.

 

 

“O‘g‘lim ikkinchi guruh nogironi. Yaxshi niyat bilan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 7-poliklinika oldida joylashgan imkoniyati cheklangan bolalar uchun kasb-hunar sanoat texnikumiga o‘qishi, hunar o‘rganishi uchun bergandim. Sentabrda uch haftagina o‘qidi. 29-sentabr kuni bolamni olib kelishga borsam, u shunday ahvolda ekan: tanasi ko‘kargan, urilgan. O‘g‘limning aytishicha, ko‘kragiga mushtlab, orqasiga esa kamar bilan urishgan. Vahshiylarcha urgan, bolamning tishini sindirgan. Mana, pastki tishi singan. Yuzi ham shunday, bugun ko‘zlari ochilgan holati shu”, — deydi ona.

 

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 3 kundan buyon farzandidan hech kim xabar olmagan.

 

 

“Bolamga kim yordam beradi? Kim menga bu holatni tushuntirib beradi? Kim shunchalik bolamga zulm o‘tkazdi? Vahshiylarcha urgan, tanasiga qarab bo‘lmaydi. Iltimos, menga yordam beringlar. Bolamning sog‘ligi, kelajagi uchun qilgan barcha harakatlarimni bir pul qildi bular”, — deya qo‘shimcha qilgan ayol.

 

 

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning ma’lum qilishicha, tashkilotga fuqaro X.G. tomonidan murojaat kelib tushgan. Ayolning ta’kidlashicha, 2025-yil sentabr oyida Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi kasb-hunar texnikumida tahsil olayotgan 2-guruh nogironligi bo‘lgan voyaga yetmagan farzandi R.F.ga nisbatan turli jismoniy zo‘ravonlik sodir etilgan.

 

 

“Hozirda mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bolaga yetkazilgan jarohatlar bo‘yicha sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Bolalar ombudsmani holat yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi”, — deydi Rahmonova.

 

 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi esa bu voqea yuzasidan munosabat bildirib, uni har tomonlama va xolisona o‘rganish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzilganini ma’lum qildi.