Ixtisoslashtirilgan maktablarning kirish imtihoni natijalaridan norozilar apellyatsiya berishi mumkin

Ixtisoslashtirilgan maktablarning kirish imtihoni natijalaridan norozilar apellyatsiya berishi mumkin

Ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari natijalari eʼlon qilingach, koʻplab ota-onalar hamda talabgorlarda apellyatsiya tartibi yuzasidan savollar paydo boʻldi. Talimxabarlari.uzga Agentlik xodimi maʼlum qilishicha, apellyatsiya uchun murojaatlar 27-iyuldan qabul qilina boshlaydi.

 

Xabaringiz bor, kecha, 25-iyul kuni Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi hududiy ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari natijalari eʼlon qilindi.

 

Natijalardan norozi boʻlgan talabgorlar amaldagi nizomga muvofiq apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga ega.

 

Agentlik xodimining Talimxabarlari.uzga maʼlum qilishicha, apellyatsiya uchun murojaatlar 27-iyuldan boshlanadi va 29-iyulga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.

 

Buning uchun talabgor yoki uning ota-onasi shaxsiy kabinetiga kirib, “Natijalar” boʻlimida paydo boʻladigan “Apellyatsiya” tugmasi orqali ariza yuborishi mumkin.

 

Amaldagi nizomga koʻra, apellyatsiya komissiyasi kelib tushgan murojaatlarni 10 kun muddatda koʻrib chiqadi hamda arizani qanoatlantirish yoki rad etish toʻgʻrisida xulosa beradi.

 

Agar murojaat asosli deb topilsa, komissiya xulosasi talabgorga qoʻshimcha ball berish uchun asos boʻladi.

 

Shuningdek, nizomga koʻra, apellyatsiya jarayonida boshqa talabgorlarning javob varaqalarini koʻrish yoki oʻz ishi bilan solishtirishga ruxsat etilmaydi.

 

Apellyatsiya komissiyasi qaroridan norozi boʻlgan talabgor yoki uning ota-onasi (qonuniy vakili) belgilangan tartibda yuqori turuvchi organlarga ham murojaat qilish huquqiga ega.