Ijtimoiy reyestrdagi oilalar farzandlari uchun ajratilgan grant qanday ishlaydi?

Ijtimoiy reyestrdagi oilalar farzandlari uchun ajratilgan grant qanday ishlaydi?

Tahririyatimizga ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari uchun ajratilgan qoʻshimcha davlat granti yuzasidan abituriyentlarda bir qator savollar kelib tushmoqda. Talimxabarlari.uz mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligidan izoh oldi.

 

Xabaringiz bor, 2026/2027-oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari uchun davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlarining 10 foiziga teng qoʻshimcha grant oʻrinlari ajratilgan.

 

Qoʻshimcha grant kvotalari eʼlon qilingach, tahririyatimizga ushbu imtiyozning qanday qoʻllanilishi, qaysi taʼlim shakliga tatbiq etilishi hamda abituriyentlar qanday tartibda saralanishi yuzasidan koʻplab murojaatlar kelib tushdi.

 

Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida Talimxabarlari.uz Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligidan izoh oldi.

 

Maʼlum qilinishicha, ushbu qoʻshimcha davlat granti faqat abituriyent tanlagan birinchi (1-ustuvor) bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga nisbatan qoʻllaniladi. Abituriyent tanlagan ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi ustuvor yoʻnalishlarga mazkur imtiyoz tatbiq etilmaydi.

 

Shuningdek, qoʻshimcha grant faqat kunduzgi taʼlim shakli uchun amal qiladi. Kechki, sirtqi va masofaviy taʼlim shakllarida ushbu imtiyoz qoʻllanilmaydi.

 

Qabul parametrlarida, masalan, “Ona tili va adabiyoti” taʼlim yoʻnalishi uchun 54 ta qoʻshimcha grant oʻrni koʻrsatilgan boʻlsa, bu alohida universitet uchun emas, balki respublika boʻyicha ushbu taʼlim yoʻnalishiga ajratilgan umumiy grant oʻrinlari sonini anglatadi.

 

Qoʻshimcha grantga tavsiya etish respublika miqyosida amalga oshiriladi. Yaʼni, abituriyentlar birinchi tanlagan taʼlim yoʻnalishi boʻyicha toʻplagan ballari ketma-ketligiga qarab saralanadi.

 

Bunda abituriyent davlat granti uchun belgilangan oʻtish ballining kamida 80 foizini toʻplagan boʻlishi shart. Ushbu talabni bajarganlar orasidan eng yuqori ball toʻplagan abituriyentlar qoʻshimcha grant oʻrinlariga tavsiya etiladi.

 

Shuningdek, vazirlikning taʼkidlashicha, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari bir vaqtning oʻzida ushbu toifa hamda boshqa imtiyozli davlat grantlari boʻyicha tanlovda ishtirok eta olmaydi. Yaʼni, ular faqat bitta imtiyozli grant turi boʻyicha talabgor boʻlish huquqiga ega.

 

Avvalroq, ijtimoiy reyestr orqali davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan talabalar uchun grantning keyingi kurslarda saqlanib qolishi ularning akademik natijalariga bogʻliqligi haqida xabar bergan edik.