Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 578-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko’ra, talabaga oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi bilan quyidagi hollarda kursdan-kursga qoldiriladi:
– belgilangan muddatlarda fanlarni oʻzlashtira olmaganida (akademik qarzdor boʻlganda), akademik reyting-modul tizimi asosida tashkil etilgan taʼlim yoʻnalishlariga bundan mustasno;
– belgilangan muddatlarda akademik qarzdorlikni bartaraf etmagan taʼlim yoʻnalishlarida semestr va oʻquv yili yakuni natijasi boʻyicha GPA oʻtish ballining qiymatiga yetmaganida;
– malakaviy amalga qatnasha olmagan, shu jumladan, malakaviy amaliyoti yakunida qoniqarsiz baholanganida.
Kursda qoldirilgan talaba toʻlov-kontrakt asosida oʻqishini o’zlashtirmagan tegishli o’quv semestri boshidan boshlaydi.
Talabaga oʻquv yuklamasi hajmini aniqlashning shartli birliklar (kreditlar)ni o’tkazish va jamlash tizimi joriy etilgan oliy ta’lim tashkilotlarida akademik qarzdorligi tufayli kursda qoldirilgan talabalar tegishli o’quv semestridan boshlab faqat o’zlashtira olmagan fanlarini takroran o’qiydi.
Kursda qoldirilgan talaba oʻqishini davom ettirish uchun talabalar taʼlim o’qishini qayta tiklash uchun belgilangan muddatlarda oliy ta’lim tashkilotiga ariza bilan murojaat qiladi.
Kursda qoldirilgan talabaga quyidagi holatlar sabab talabalar safidan chetlatilishi mumkin:
– o‘z xohishiga ko‘ra;
– o‘qishning boshqa ta’lim tashkilotiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
– oliy ta’lim tashkilotlarining ichki tartib-qoidalari hamda odob-axloq qoidalarini buzgani uchun;
– bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirgani uchun (salomatligi sababli belgilangan shakldagi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etilgan holat bundan mustasno);
– o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi uchun (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun taalluqli);
– talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganda;
– sud qaroriga ko‘ra kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi aniqlanganda (ushbu holatda talabalar safidan chetlashtirilganlar talabalar safiga qayta tiklanmaydi);
– talaba abituriyent sifatida oliy ta’lim tashkiloti qabul komissiyasiga taqdim etgan (topshirgan) hujjatlarining qalbakiligi yoki belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlansa;
– vafot etganligi sababli.
Eslatma! O’qishni qayta tiklash jarayonida oʻquv rejasidagi fanlari boʻyicha farqlar aniqlanganda, talaba akademik qarzdor sifatida oʻqishga qabul qilinadi.
Fanlardan akademik qarzdor talabalar muayyan semestr davomida tegishli fanlardan oʻzlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda to’lovni amalga oshirgandan so’ng o’zlashtirmagan fanlarini o’z hisobidan qayta o’qiydi.
