Joriy yilning 13-sentyabr kuni “Besh tashabbus olimpiadasi” loyihasi doirasidagi “Maktab ligasi” sport musobaqalarining yangi mavsumi start oladi. Ushbu loyiha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Sport vazirligi hamkorligida amalga oshiriladi.
Musobaqalar 9 ta sport turi bo‘yicha tashkil etilib, o‘quvchilar uch bosqichda bellashadilar:
1-bosqich. Sinflararo (maktab bosqichi) – 25-sentyabr – 5-oktyabr;
2-bosqich. Maktablararo tuman/shahar bosqichi – 20–30-oktyabr;
3-bosqich. Hududiy final bosqichi – 10–20-noyabr.
Infografikaga muvofiq, sport turlari, ishtirokchilar sinfi, yosh toifalari va jamoa tarkibi quyidagicha belgilangan:
– Quvnoq startlar: 1–2 va 3–4 sinf o‘quvchilari, 7–10 yosh; jamoa — 10 nafardan o‘g‘il va qizlar;
– Shashka: 5–11 sinf, 11–17 yosh; 1 nafar o‘g‘il va 1 nafar qiz;
– Shaxmat: 1–4, 5–8, 9–11 sinflar, 7–17 yosh; 3 nafar o‘g‘il va 3 nafar qiz;
– Yengil atletika: 5–6 va 7–8 sinf, 11–14 yosh; 2 nafar o‘g‘il va 2 nafar qiz;
– Mini futbol: 10–11 sinf, 16–17 yosh; 7 nafar o‘g‘il;
– Voleybol: 9–11 sinf, 15–17 yosh; 8 nafar o‘g‘il va 8 nafar qiz;
– Stol tennisi: 9–10 sinf, 15–16 yosh; 1 nafar o‘g‘il va 1 nafar qiz;
– Stritbol: 7–8 sinf, 13–14 yosh; 4 nafar o‘g‘il va 4 nafar qiz;
– Vorkaut: 9–11 sinf, 15–17 yosh; 1 nafar o‘g‘il.
Mazkur musobaqalar o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy va intellektual salohiyatni yuksaltirish hamda jamoaviy ruhni mustahkamlashga xizmat qiladi.
