Bir xil darslik – ikki xil maʼlumot. Qay biriga ishonaylik?! - Ta’lim xabarlari
Bir xil darslik – ikki xil maʼlumot. Qay biriga ishonaylik?!

Dars xonasi abituriyentlar bilan toʻla. Imtihonda kerak boʻladigan kitoblarni har kuni bittalab tahlil qilishimiz kerak.

 

– 10-sinf, “Ona tili”ning yangisini olinglar. Qaysi betga kelib qolgandik? – dedim 2022-yilda nashr qilingan yangi darslikka ishora qilib. – Men javoblarni eʼlon qilib boraman. Hamma yoʻl-yoʻlakay olgan javobi va fikrini bildirib ketsin!

 

Barcha oʻquvchilar ilmga chanqoqligi va imtihonga yaqin qolgani uchun hamma vazifani bajarib kelganiga ishondim va bittalab tekshirib oʻtirmadim.

 

– 144-betdagi 3-testda bir nechta javob talab qilinarkan. B, D, F javoblarini olamiz. Kimda boshqacha? – dedim oson savol boʻlgani uchun ilmi toliblarim bunda xato qilmasligiga ishonib.

 

Ishongan togʻda kiyik yotmas. Adashibman, orqa tarafdan bir oʻquvchi shart qoʻl koʻtardi-da: “Men B, E, G olgandim, – dedi va yonida oʻtirgan oʻrtogʻiga ishora qilib davom etdi: – Marjonada xuddi shu javob F da berilgan, menda esa G javobda, ustoz”.

 

– Necha martalab aytganman: soxta kitob olmanglar. “Original”ini topinglar!

 

Oʻsha oʻquvchi “Ustoz, bu “original”i, “kopiya”dan chiqarilgan emas” deganda boʻlishi mumkinmas, deb qatʼiy turgandim, orqadan ham ikki-uch bola “Bizda ham shunaqa” degach borib koʻrishga jazm qildim.

 

Ne koʻz bilan koʻrayki, ularning qoʻlidagi “original” kitob mening qoʻlimdagi “original” kitobdan farq qilyapti. Balki adashayotgandirman deb qayta-qayta solishtirib koʻrdim. Yoʻq, kitob bir xil-u, ichida ayrim joylari farq qiladi…

 

– Shunaqa boʻlishi ham mumkinmi? Masʼul muharrirlar qaramaydimi, ustoz?..

 

Rost! Shunaqa boʻlishi mumkinmi? Masʼul muharrirlar shu xatoliklar uchun javobgar emasmi?

 

“Buning imtihonga taʼsiri yoʻq. Talashib-tortishishga arzimaydi” dersiz, lekin davlat standarti-chi? Qay biri haqiqiy? Bu arzimasdir, ammo bizni qiynaydigan arzirli savollar bisyor.

 

2024-2025-oʻquv yili imtihonlari uchun test shakllantiriladigan darsliklar roʻyxati eʼlon qilinganda kapalagim bir uchgandi. 10-sinf uchun ham yangi (2022-yilgi nashr), ham eski (2017-va 2020-yilgi nashr) dan test shakllantirilar ekan! Nega? Axir, maktabda har ikkala nashrdan biri oʻqitiladi-ku! Yoki Bilimni baholash agentligi repetitorda oʻqilishini ham hisobga oldimikan?

 

Nega abituriyentlar imtihonga sentyabr oyidanoq tayyorgarlik boshlashini bila turib Bilimni baholash agentligi mavsum boshidanoq test shakllantiriladigan darsliklar roʻyxatini eʼlon qilib qoʻya qolmaydi?

 

Har yili oʻzgarib turadigan kitoblar orasidan qaysi birini oʻqishni bilolmay joningiz halak. Bittasini taxminan boshlaysiz-u, ikki-uch oydan soʻng ayni shu kitob tasdiqlanmay, dogʻda qolasiz!

 

Eng muhim masala – kitoblar yetishmovchiligi. Test shakllantiriladigan darsliklar imtihonga tayyorlanuvchi oʻquvchilar naryoqda tursin, maktab oʻquvchilari uchun ham yetarli emas.

 

Qaysidir maktabda, aytaylik, ona tili kitobi topilmasa, boshqasida adabiyot yoʻq. Nega shunaqa? Axir, maktab oʻquvchilari soni aniq boʻlsa, avval shunga mutanosib ravishda kitoblar nashr qilinib, soʻngra tasdiqdan oʻtkazilishi lozim emasmi? Balki kimlarningdir masʼuliyatsizligi tufayli kitoblar bizgacha yetib kelmayotgandir?

 

Ayni masalada masʼul tashkilotlarga murojaat qilsangiz, eshitadigan javobingizdan na kulishni bilasiz, na yigʻlashni: “XXI asr kompyuter asri. Elektron oʻqishsin!”. Axir, telefon yoki kompyuterda oʻqilgan biror maʼlumot kitobda oʻqilganiga qaraganda bir necha bor kam taʼsirga ega ekanini ikki varaq oʻqib koʻrgan odam darrov sezadi. Nahot javob beruvchi masʼul shuni hisobga olmadi?

 

Mayli, aytganicha qilib oʻquvchi elektron oʻqidi ham deylik. Internet zamonida yashayapmiz. Noxos kelgan biror yangilik haqidagi xabar bolani chalgʻitib yubormaydimi?!

 

Masʼullar hisobga olmagan shu holatni ota-onalar hisobga olishdi-yu, farzandim yaxshi oʻqisin, deya elektron kitoblarni qogʻozga chiqartirib, kitob shakliga keltirib berishdi. Lekin, afsuski, bu bilan tinchiy olmadik.

 

Maqola “Yoshlar ovozi” gazetasidan olindi.

 

Muallif: Shahboz Nekboyev 

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Ta’lim-biznes

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Образование-бизнес

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры