Indiana Universiteti (AQSh) ta’lim jarayonida sun’iy intellekt imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha muhim qadam tashladi. Endilikda universitetning 120 mingdan ortiq talaba, o‘qituvchi va xodimlari OpenAI ishlab chiqqan ChatGPT Edu platformasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu tashabbus OpenAI tomonidan amalga oshirilgan eng yirik loyihalardan biri bo‘lib, universitetlar miqyosida ikkinchi eng katta joriy etish jarayoni hisoblanadi.
ChatGPT Edu orqali talabalar ilmiy izlanishlarni tezroq olib borishlari, murakkab topshiriqlarni bajarishda yordam olishlari, yozma ishlarni tahrirlash va til o‘rganishda qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladilar. O‘qituvchilar esa mazkur platforma orqali ta’lim jarayonini yanada samarali tashkil qilish, talabalarga individual yondashuvni kuchaytirish va dars jarayonini optimallashtirish imkoniga ega bo‘ladi.
Indiana Universiteti rahbariyati bu qarorni ta’lim sifatini oshirish va raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish maqsadida qabul qilgan. Mutaxassislarning fikricha, bunday tashabbuslar kelajakda universitetni xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarga olib chiqishi va ta’limning yangi bosqichiga yo‘l ochishi mumkin.
