Toshkent viloyatida talaba 4,3 kg sintetik giyohvandlik vositasi bilan qoʻlga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi, 2002-yilda tugʻilgan shaxs oʻzining Spark rusumli avtomashinasida narkoguruh tashkilotchilari tomonidan berilgan topshiriqqa koʻra, Toshkent tumaniga borib, muqaddam narkokuryerlar tomonidan dala maydonidagi xufiya joyga yashirib qoʻyilgan 4 kg 300 gr “alfa-PVP” moddasini qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Toshkent shahridagi xususiy oliy taʼlim muassasasining 3-kurs talabasi boʻlgan ushbu shaxs internet tarmogʻi orqali sintetik narkotiklar savdosi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruhning faol aʼzosi boʻlgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda uning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
