Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bir nechta shaxslarning noqonuniy ravishda fuqarolarni oliy ta’lim muassasalariga joylashtirishga uringanliklari aniqlandi. Bu haqda Departament matbuot xizmati xabar bergan.
Ohangaron shahrida “I.Y.” nodavlat oliy taʼlim muassasasi boʻlim boshligʻi B.A. 4 nafar fuqaroni ushbu oliygohga 3-kursdan oʻqishga kiritib qoʻyishi evaziga har biri uchun 1 000 AQSH dollari berishi kerakligini aytib, jami 4 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Buxoro shahrida esa fuqaro A.I. boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, uni Qirg‘izistondagi OTMda o‘qigan deb hujjat rasmiylashtirish va goʻyoki taʼlim muassasalari qabul komissiyasida ishlovchi tanishlari orqali Buxoro innovatsion tibbiyot institutiga 3-kursdan oʻqishga kiritib qoʻyishi evaziga u 3 000 AQSH dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shuningdek, Piskent tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqarolar J.E. va B.A. fuqaro K.X.ning ishonchiga kirib, uni goʻyoki Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ishlovchi tanishlari yordamida mazkur universitetga oʻqishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, 2 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
