Eng yirik onlayn ta’lim platformasi Coursera pullik modelga o‘tmoqda

Eng yirik onlayn ta’lim platformasi Coursera pullik modelga o‘tmoqda

Eng yirik onlayn ta’lim platformasi Coursera kurslarga kirish formatida o‘zgarish joriy etdi. Endilikda faqat birinchi modul bepul ochiladi.

 

Coursera o‘zining 183 milliondan ortiq foydalanuvchisi uchun “oldindan ko‘rib chiqish” (preview experience) rejimini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu rejimda kurslarning dastlabki modullari to‘liq ochiq bo‘lib, baholovchi topshiriqlar va sun’iy intellekt (mavjud bo‘lsa) taqdim etiladi. Keyingi modullar esa faqat kurs uchun to‘lov qilgan foydalanuvchilarga taqdim etiladi.

 

Oldingi “tinglash” (audit experience) rejimi bekor qilindi. Ushbu rejim orqali foydalanuvchilar kurslarni bepul tinglash imkoniga ega bo‘lishar edi, biroq sertifikat olish uchun to‘lov talab qilinar edi.

 

Ba’zi ijtimoiy ahamiyatga ega kurslar, xususan sog‘liqni saqlash sohasidagi kurslar, bepul qoladi. Coursera narx siyosatini turli mamlakatlarning daromad darajasiga moslashtirish va ayrim foydalanuvchilar uchun imtiyozli shartlarni saqlab qolishni rejalashtirmoqda.

 

Kompaniya vakillarining fikricha, kursning to‘liq kirish imkoniyatini taqdim etish talabalarga dastlabki bosqichda kurs mazmunini to‘liq tushunish va ongli ravishda to‘lov qilish yoki kursni rad etish qarorini qabul qilishga yordam beradi. Sinov natijalari shuni ko‘rsatdiki, bunday formatdagi kursni tanlagan foydalanuvchilar faolroq o‘qiydi va kursni ko‘proq tugatadi.

 

Shu bilan birga, Class Central platformasi bu o‘zgarishni MOOKlar davrining tugashi sifatida baholamoqda. 2010-yillarda MOOKlar ta’limda inqilob sifatida qaralgan va keng ommaga bepul ta’lim berish imkonini yaratgan. Lekin keyinchalik ko‘pchilik kurslarni oxirigacha yakunlamasligi va daromad olish qiyinligi ma’lum bo‘ldi.

 

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Coursera yangi bosh direktori Greg Hart boshchiligida kompaniya foydali faoliyat yuritmoqda: 2025 yilning ikkinchi choragida daromad 10%ga oshdi, aksiyalar esa 36%ga qimmatlashdi. Biroq bunga bepul ta’lim tamoyilidan voz kechish evaziga erishilmoqda.