Google kompaniyasi keyingi uch yil davomida Amerika Qo‘shma Shtatlarida sun’iy intellekt sohasidagi ta’lim va kasbiy tayyorgarlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 milliard dollar sarmoya kiritishini e’lon qildi. Mazkur tashabbus kollejlarga, universitetlarga va notijorat tashkilotlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, talabalar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha bepul bilim olish imkonini yaratadi.
Alphabet bosh direktori Sundar Pichai o‘z blogida ta’kidlaganidek, bugungi kunga qadar 100 dan ortiq kollej va universitetlar kompaniyaning AI for Education Accelerator dasturiga qo‘shilgan. Dastur doirasida barcha kollej va universitet talabalari uchun sun’iy intellekt va kasbiy tayyorgarlik kurslari bepul taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, tanlangan talabalar 12 oy davomida Google AI Pro xizmatidan, jumladan Gemini 2.5 Pro va boshqa ilg‘or vositalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ushbu tashabbus Microsoft kompaniyasining yaqinda e’lon qilgan shunga o‘xshash dasturidan so‘ng ma’lum qilindi. Biroq Google tomonidan ajratilayotgan mablag‘ hajmi Microsoft tashabbusidan to‘rt barobar yuqoriligini ko‘rsatmoqda.
Google ta’lim sohasida avvaldan faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya turli mamlakat va hududlarda talabalarni Chromebook qurilmalari bilan ta’minlash dasturlarini ham amalga oshirib kelmoqda.
