‘‘Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida’’gi nizomga ko‘ra, maktab rahbar xodimlari, yaʼni direktor va uning oʻrinbosarlari asosiy lavozimi bilan bir vaqtda haftasiga 10 soatgacha oʻqituvchi vazifasini ham bajarishi mumkin.
Bu holatda ularning oʻtgan dars soatlari uchun soatbay haq toʻlanadi. Demak, bu qoʻshimcha ish oʻrindoshlik asosida emas, balki qoʻshimcha vazifa sifatida soatbay toʻlov bilan amalga oshiriladi.
Shu bilan birga rahbar xodimlarga dars berish imkoniyati faqat maktabda mutaxassis oʻqituvchilar yetishmagan taqdirda beriladi. Agar boshqa oʻqituvchilar mavjud boʻlib, ular toʻliq dars soatlari bilan taʼminlanmagan boʻlsa, rahbar xodimga qoʻshimcha dars berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Vakant soatlar uchun mutaxassis topilgan taqdirda rahbar xodim bu soatlarni unga topshirishi shart.
