Tanlovni amalga oshirgandan keyin fikr o‘zgarib qolsa, qaytadan yo‘nalish tanlasa bo‘ladimi? Tanlov bosqichiga oid muhim ma’lumotlar

Tanlovni amalga oshirgandan keyin fikr o‘zgarib qolsa, qaytadan yo‘nalish tanlasa bo‘ladimi? Tanlov bosqichiga oid muhim ma’lumotlar

Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarining ikkinchi, ya’ni tanlov bosqichi 8-avgustga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Bunda abituriyentlar 5 tagacha yo’nalish – fanlar majmuasiga to’g’ri keladigan istalgan yo’nalish va istalgan oliy ta’lim muassasasini, ta’lim shaklini (kunduzgi, masofaviy va kechki) hamda tanlov ustuvorligini (grant yoki ta’lim yo’nalishi ustuvorligi) tanlaydi.

 

Agar abituriyent tanlovni amalga oshirgan bo’lsa-yu, lekin fikri o’zgarib, boshqa yo’nalish yoki boshqa ta’lim shaklini tanlashni xohlasa, tanlov bosqichi yakunlangunga qadar bemalol o’zgartirsa bo’ladi.

 

Eslatma! Tanlovlarni 8-avgust kuni soat 23:59 da yakunlanadi. Shu vaqtgacha tanlovni amalga oshirish kerak, aks holda tanlovda qatnashmagan abituriyentlar o’qishga qabul qilinmaydi va ularga qo’shimcha vaqt ham berilmaydi.

 

Abituriyentlar ta’lim shaklini tanlayotganda ularni aralashtirib, istaganidek tanlasa ham bo’ladi. Masalan, 1-2 yo’nalishni masofaviy, 3-4 kunduzgi va 5-yo’nalishni kechki qilib tanlasa bo’ladi. Abituriyentlarga 5 ta yo’nalishni tanlash majburiy emas, istamasa bir yoki ikkita yo’nalishni tanlash bilan kifoyalanishi ham mumkin.

 

Tanlov ustuvorligini tanlashda ham e’tiborli bo’lish tavsiya etiladi. Chunki, keyin o’zgartirishning imkoniyati yo’q. Agar kimdir uchun tanlagan beshta yo’nalishidan qaysi biriga kirishining ahamiyati yo’q, ammo grant bo’lishi kerak bo’lsa, bu holatda abituriyentga grant ustuvorligini tanlash tavsiya qilinadi. Aksincha, kimgadir grant yoki kontrakt bo’lishdan ham ko’ra, asosiy birinchi va ikkinchi yo’nalishlarga o’qishga kirish muhim bo’lsa, bunday holatda tanlov ustuvorligini tanlasa yaxshi bo’ladi.